O‘zA O`zbek

20.05.2019 Chop etish versiyasi

O‘ttiz uch oylik mojaro yoxud do‘konlari buzilgan toshkentlik bir necha tadbirkor tokaygacha sarson-sargardon bo‘ladi?

O‘ttiz uch oylik mojaro yoxud do‘konlari buzilgan toshkentlik bir necha tadbirkor tokaygacha sarson-sargardon bo‘ladi?


Jurnalist surishtiruvi 

Bir yonda “buz-buz”, bir yonda “uz-uz”

Yurtimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tobora qizg‘in tus olmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatimiz hududi tom ma’noda ulkan qurilishlar maydoniga aylanmoqda. Shu asno eskirib, abgor va yaroqsiz holga kelib qolgan yoki davr talablariga javob bermay qo‘ygan imoratlar o‘rniga yangilarini barpo etishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shahar-qish­loqlarimizda go‘zal-ko‘rkam turar joylar, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari jadal qad rostlamoqda, ko‘ngilochar maskanlar, saranjom-sarishta mahalla-guzarlar ko‘paymoqda.

Albatta, biz bundan quvonishimiz va faxrlanishimiz kerak. Ayni chog‘da, el-ulusning ko‘z o‘ngida ro‘y berayotgan, hamma ko‘rib-bilib turgan achchiq bir haqiqatni ro‘y-rost tan olishimiz shart. U ham bo‘lsa, binokorliklar jarayonida goho odamlar dilini og‘rituvchi, haqli e’tirozlar tug‘diruvchi kutilmagan noxushlik­lar sodir bo‘lmoqda. Ba’zi uylar egalarining roziligi olinmay va oldindan ogohlantirilmay daf’atan qo‘porib tashlanayapti yoki mutaxassislar xulosasi va sud qarorisiz, kimlarningdir og‘zaki buyrug‘i bilan vayronaga aylantirilayapti. Binoyidek faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik ob’ektlari shaharsozlik holati va me’moriy talablar o‘zgargani bahonasida bir zumda kunpayakun qilinayapti.

Eng achinarlisi, bu ishlar ba’zan ko‘chishlar adog‘iga yetmasidan, xuddi yov quvganday, shoshmashosharlik bilan pala-partish boshlab yuborilayapti, hali odamlar yashayotgan yoki ishlayotgan binolar gaz, suv, issiqlik hamda elektr energiyasi ta’minotidan erta uzib qo‘yilayapti. O‘lganning ustiga tepganday, uzoq vaqt umrguzaronlik qilgan “o‘lan to‘shagi”dan, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan makonidan mosuvo bo‘lganlarga o‘sha mulkiga mutanosib tovon puli to‘lash yoxud o‘rniga boshqa boshpana, bino-inshoot berish, jilla qursa, yangisini qurib olishi uchun yetarli mablag‘ yoki yer ajratish aksariyat hollarda paysalga solinayapti.

Shubhasiz, ura-urachilik qabilidagi “buz-buz”lar va bemavrid “uz-uz”lar ayrim amaldorlarning jamoatchilik fikrini nazarga ilmasliklari, uyi yoki do‘konidan ajralganar taqdiriga qiziqmasliklari tufayli kelib chiqmoqda. Chunki ular bemavrid aziyat chekayotganlar talabini qondirishni emas, yangi inshootlarni tezroq bitirishni birinchi galdagi vazifa hisoblashmoqda. Yuqoridan bir chimdim maqtov eshitish ilinjida boshqalarni qiyin ahvolga solib qo‘yishdan, qaernidir obod qilaman deb, ne-ne ko‘ngillarni barbod qilishdan hayiqishmayapti. Yetti yot begonalargayam yomonlikni ravo ko‘rmaydigan, hatto qushning uyasini buzishni ham o‘zi uchun or deb biladigan mehr-oqibatli millatimiz sha’niga dog‘ tushirishdan tap tortishmayapti.

Bilasiz, Prezidentimiz bizning eng oliy maqsadimiz xalq hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish ekanligini bot-bot uqtirayapti. Tepadagilar olib tashlanayotganiga qaramay, pastda o‘tirganlar odamlarni qattiq ranjitayotganini kuyunib, ochiq-oshkora aytayapti. Ayni holatlarga, chunonchi, tadbirkorlarga yer ajratish va qurilishga ruxsat berish jarayonidagi qing‘irliklarga qat’iy chek qo‘yishni talab qilayapti. Biznes ombudsmanni tadbirkorlar manfaati uchun kurashishga, bu masalada jar solishga chorlayapti.

Ana shunday bir vaziyatda ba’zi mahalliy mansabdorlar xatolarini tan olib, to‘g‘rilash o‘rniga aksincha yo‘l tutishayapti. Albatta, bunday ko‘rgulikka dabdurustdan yo‘liqqanlar ham mum tishlab o‘tirishgani yo‘q. Toptalgan huquqlarini tiklashga intilishayapti, yordam so‘rab, nufuzli idoralar eshigini qoqishayapti. Evaziga gohida mas’uliyatsizlik va sansalorlikka, to‘rachilik va ko‘zbo‘yamachilikka ro‘baro‘ kelib, avvalgidan-da battarroq iztirob chekishmoqda. Shahri azim Toshkentda ro‘y bergan quyidagi voqea bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Chala ish keltirgan tashvish

Uchtepalik binokor G‘aybulla Sultonov pensiyaga chiqqach, tadbirkorlikka qo‘l urdi. 2004 yili ezgu niyatda “Gaybullahoji” xususiy firmasini tashkil etib, “Eski Jo‘va” universal bozori tegrasidagi 158 kvadrat metr yerda do‘kon ochdi. Unda milliy liboslar va sopol idishlar sotishni yo‘lga qo‘ydi.

Otaxon 2009 yili olamdan o‘tdi. Firma ishini rafiqasi – birinchi guruh nogironi Hamida opa va merosxo‘r qizi Dilafro‘z davom ettirdi. Ular hoji bobo vasiyatlariga rioya qilib, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni har doim muddatida to‘lashdi. Bu do‘kon o‘zlarining va ikki nafar sotuvchi oilasining yagona daromad manbai ekanligini mudom yodda tutib, savdoni halol yuritishdi. Keyinchalik firmani xususiy korxonaga aylantirishdi.

Ittifoqo 2016 yil yozida vaziyat ilkis o‘zgardi-yu, ona-bolaning oromi yo‘qoldi. Boisi, shaharning sobiq hokimi R.Usmonov 16 avgust kuni “Yer maydonlarida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida”gi qarorga imzo chekdi. Unga ko‘ra, Shayxontohur tumanining Navoiy, Beruniy shohko‘chalari chetida va “Chorsu” buyum bozori hududida joylashgan do‘kon, ombor, dorixona, oshxona singari o‘ttizdan ziyod inshoot qatori “Gaybullahoji”ga qarashli shoxobcha ham buzilishga tushdi.

To‘g‘ri, qarorga Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ham asos qilib olingandi. Mutasaddilar gardaniga, avvalo, ko‘chmas mulki buziladiganlarga yetkazilajak zarar turi hamda miqdorini aniqlash va qoplash bo‘yicha komissiya xulosasini olish, so‘ngra buzish ishlariga kirishish uchun izn berish, bo‘shagan maydonlarni shahar yer fondi zaxirasiga o‘tkazish vazifasi yuklatilgandi. Illo hududda yangi do‘konlar qurilishi va tadbirkorlar faoliyatlarini qaerda davom ettirishlari xususida lom-mim deyilmagandi. Ustiga-ustak, topshiriqlar to‘liq bajarilmadi, ziyon ko‘rgan mulk­dorlarga sariq chaqayam to‘lanmadi.

Qarabsizki, mol achchig‘i jon achchig‘iga aylandi. Jabrlanuvchilardan qay birining asabi chaqnab, sog‘lig‘iga putur yetdi, qay birining adolatga ishonchi yo‘qolib, ishdan ko‘ngli sovidi. Vaqt o‘tgani sayin ular orasida norozilik kuchaydi. Bu mashmashalar qariyb 8 oyga cho‘zildi.

Alqissa, 2017 yil 7 aprelda shahar hokimining mazkur masalaga oid navbatdagi qarori qabul qilindi. Unda 35 ta ob’ektni buzish hisobiga, avtoturargohlar ochish sharti bilan va egalari tasdiqlagan loyiha asosida zamonaviy savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish majmualarini o‘zaro uyg‘unlikda qurishga ruxsat berildi. Tuman hokimligi bu yumushlarni tadbirkorlar hamkorligida olib borishi, ularga yer maydonlarini buzilgan bino-inshootlari hajmiga muvofiq taqsimlab berishi zarurligi ko‘rsatildi.

Xullas, bir qarashda xato tuzatilganday, hammasi iz-iziga tushganday edi. Amalda-chi?..

“O‘yin”dan chiqarilgan tadbirkor ayol hasrati

– Amalda bu topshiriq ham ijobat topmadi, – deydi Hamida Sultonova o‘kinch ila. – Chunki mas’ullar arosatda qolganimizni, ahvolimiz chatoqligini ko‘ra-bila turib, bizga madadkor bo‘lishmadi. Aniqrog‘i, “Do‘konlarni o‘z pulingizga o‘zingiz barpo etasiz!” deyishdan nariga o‘tishmadi. Sal o‘tmay, ularning tavsiyasi bilan bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tuzildi. Yangi inshoot uchun Beruniy ko‘chasining katta bozorga baqamti qismidan – sobiq “Chorsu” mehmonxonasi ro‘parasidan 70 sotix yer tanlandi.

MChJ direktori 60 yoshlarni qoralagan kishi ekan. Uning shotirlari mushkulimizni osonlashtirishga quyuq va’dalar berib, bizdan dam-badam naqd pul yig‘a boshlashdi. Dastlab men ham ularga inondim. “Xudo xohlasa, hademay, yangi do‘konga ega bo‘laman”, deya quvondim. Shu umidda chiqindilarni tashishga 1,2 million, maj­mua loyihasi chizmasini tayyorlashga 300 ming, bexos ko‘tarilgan yerosti suvini tortadigan drenaj qurishga 10 million so‘m to‘ladim. Ammo menga loyiha nusxasini, bo‘lg‘usi shoxobcham o‘rnini ko‘rsatishmadi, loaqal pul topshirganimni tasdiqlovchi hujjat ham berishmadi.

Keyingi suhbat chog‘i ular talabni tag‘in-da kattaroq qo‘yishdi. Qurilajak do‘kon uchun 25 million so‘m berishim shartligini aytishdi. Menda buncha aqcha yo‘q edi. Negaki, oting o‘chgur “snos”ning kasofati urib, savdo-sotig‘im allaqachon kasodga uchragan, tirikchiligim pensiya pulim va ko‘rpa-to‘shak tikib topayotgan daromadim hisobiga o‘tayotgandi. Qolaversa, shu paytgacha lafzlarida turishmagani tufayli pul yig‘arlardan gumonsiray boshlagandim. Bordi-yu, 25 million so‘m to‘lasam, uni ham shunchaki yondaftarga yozib qo‘yishlarini eshitgach, hafsalam butunlay pir bo‘ldi. Bu ketishda bir kunmas-bir kun aldovlarga chuv tushib qolishdan hadiksirab, nojo‘ya talabga bo‘ysunishdan bosh tortdim. Oldin bergan pullarimiz nimalarga sarflanganini so‘ragandim, baloga qoldim. O‘g‘limdan ham kichik yigitlardan kurakda turmaydigan haqoratlar va ta’na-dashnomlar eshitdim. Ular 10 million so‘mimni baqir-chaqir aralash qaytarayotib, “o‘yin”dan chiqarilganimni tantanavor e’lon qilishdi.

Shunda men hokimlikdagilar qurilish jilovini to‘la-to‘kis birovlar qo‘liga tutqazib qo‘yishganiga, tiklanadigan majmuaning asl egalari biz emas, bil’aks, o‘zlari istagan yo‘sinda pul yig‘adigan, shartlariga ko‘nmaganlarni ko‘chaga haydaydigan zo‘ravon “o‘yin”chilar ekaniga ishonch hosil qildim. O‘ylay-o‘ylay, axiyri bu haqda mas’ul tashkilot-idoralarga murojaat etishni lozim topdim...

Ajabtovur “yig‘-yig‘”lar va antiqa ogohlantirishlar

Ehtimol, siz jismi xasta, ko‘ngli yarimta Hamida opaning gaplarini yolg‘on dersiz. Ehtimol, ularni uzoq vaqt koriga yarab kelgan do‘koni buzilganidan xafa ayolning betizgin ehtiroslariga yo‘yarsiz. Men esa kuni kecha umrining 72-bahorini qarshilagan onaxonning birovga tuhmat qilib, nufuzli idoralar mulozimlari fikrini chalg‘itishga ishonmayman. Davomini surishtirsangiz, uning qo‘lida haqligini isbotlovchi dalillar bor. Shulardan biri MChJdan kelgan ogohlantirishnomadir. Unga korxona muhri urilgan, rahbari imzosi qo‘yilgan. Lekin raqami va sanasi ko‘rsatilmagan, zaruriy ma’lumotlar keltirilmagan. Muxtasar mazmuni esa quyidagicha: “Qurilish ishlarida qatnashmaslik va moddiy yordam ko‘rsatmaslik savdo majmuasidan joy ajratmaslikka asos bo‘ladi”.

Tabiiyki, Hamida Sultonova ham bo‘sh kelmaydi. MChJ direktoriga maktub bitib, u bankdagi hisob raqamini bersa, ko‘magini ayamasligini bildiradi. Shuningdek, oldin to‘lagan puli qaysi manbada qayd etilganini so‘raydi. So‘raydi-yu, baribir, tayinli javob ololmaydi.

Xo‘sh, endi o‘zingiz xolisona ayting-chi, bu qanaqasi? Tadbirkorlardan shu zayl juda ko‘p miqdorda naqd pul yig‘ish, buzilgan inshooti yer maydoni tiklab beriladigan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan do‘kon sohibasiga o‘dag‘aylash va o‘z bilgilaricha uni mulkdorlar safidan badarg‘a qilish uchun MChJ “xo‘jayinlari”ga kim, qanday huquq bergan? Yoki bu shaxslar hammadan kuchlimi? Joriy qonunlar, farmon va qarorlar ular uchun bir pulmi?

Yo‘q, andak shoshmang, bu bilan men MChJ tadbirkorlar boshini qovushtirib, faoliyatini qayta tiklashga yordamlashish uchun tuzilganini inkor etmoqchi emasman. Faqat ikkita tartib-qoidani eslatmoqchiman: avvalo, maqsad-vazifasi nimaligidan qat’i nazar, jamiyat rahbariyati o‘rtasarson tadbirkorlardan mab­lag‘ yig‘ishni qonunan amalga oshirishi, topshirilgan barcha pullar uchun chek, patta, tilxat kabi birorta hujjat berishi, vaqti-vaqti bilan mulkdorlarni to‘plangan sarmoyalar nimalarga sarflanganidan xabardor qilib borishi shart edi! Ana shunda onaxon ulardan shubhalanmasdi, ortiqcha gap-so‘z ko‘paymasdi. Ikkinchidan, bizda xususiy mulk daxlsiz sanaladi. Bu tamoyil Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Binobarin, allanechuk shartlar o‘ylab topib, mulkdorni kamsitishga hech kimning hech qanday haqi yo‘q!

Masalaga shu jihatdan yondashsak, Hamida opaning da’volarida jon borligi, MChJ korchalonlari unga nisbatan qo‘rslik qilishgani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi. Modomiki, shunday ekan, hokimlik vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar xodimlari qayoqqa qarashdi? Ular nega tadbirkorlardan moddiy yordam sifatida olingan pullar qaysi hisob raqamiga tushganini, qanchasi, qachon va qay maqsadda ishlatilganini tekshirishmadi? Nega kim haq-kim nohaqligiga oydinlik kiritib, mish-mishlarga issig‘ida chek qo‘yishmadi? Yoki birovning azasida o‘yinga tushishni eslatuvchi bu mojarolardan ogoh topishmaganmi?..

Bunday desak, shubhasiz, haqiqatdan ko‘z yumib, oqni qoraga, qorani oqqa aylantirgan bo‘lamiz!

Men nima deymanu qo‘bizim nima deydi?

Hamida opa o‘tgan davr mobaynida buzilgan do‘koni badaliga pul yoki yer ololmayotgani va o‘zi guvoh bo‘lgan “yig‘-yig‘”lar to‘g‘risida qator idoralarga shikoyat yozdi. Uning arzlari birgina prokuratura organlari tomonidan to‘rt marta o‘rganilib, natijasi ma’lum qilindi. Xususan, Shayxontohur tumani prokuraturasi rahbariya­ti 2017 yil 23 avgustda va 2018 yil 28 avgustda javob yo‘lladi. Ikki tomchi suvdek o‘zaro o‘xshash bu xatlarda avval shahar hokimining 2017 yil 7 apreldagi qarori mazmuni, bino-inshooti buzilganlarga qurilish maydonlari qay taxlit ajratilishi haqida so‘z yuritiladi. So‘ngra muallifga kompensatsiya pulini undirish yoki boshqa hududdan yer olish, buzilgan huquqi va qonuniy manfaatlarini tiklash masalasida sudga murojaat qilishi mumkinligi tushuntiriladi, tamom-vassalom!

Xuddi shunday gaplar shahar prokuraturasi onaxonga bultur 29 sentabrda yuborgan rasmiy javobda ham takrorlangan. Qo‘shimcha ravishda, savdo ob’ektini qurayotgan MChJ rahbariyati 18 avgustda “Gaybullahoji” do‘koni egasiga ushbu qurilishda qatnashib, moddiy yordam ko‘rsatgan taqdirda unga majmuadan do‘kon ajratilishini ma’lum qilgani bayon etilgan. Biroq MChJning bu yo‘nalishdagi faoliyatiga huquqiy baho berilmagan. Qizig‘i, aynan o‘sha javob 56 kundan so‘ng qayta ko‘chirilib, onaxonga uning Prezidentga takroriy murojaati ko‘rib chiqilgani bo‘yicha xulosa sifatida jo‘natilgan. Yagona farqi – matnning ikki bandi, chunonchi, do‘kon ajratish shartlari to‘g‘risidagi jumla qisqartirilgan.

Hamida opa Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati 2018 yil arafasida uyushtirgan sayyor qabulda ham dardini to‘kib soladi. Uning shikoyati tegishli tashkilotlar e’tiboriga havola etiladi. Bunga javoban shahar Binolardan foydalanish departamenti xodimlari g‘alati yo‘l tutishadi. Debochasiga soliq inspeksiyasiga “Gaybullahoji” XKning buzilgan do‘koni yer maydoni shahar hokimining 2017 yil 7 apreldagi qaroriga asosan qayta tiklab berilgani sababli mazkur masala tuman hokimligida ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiqligini bildirishadi. Besh haftaga qolmay, fikrlarini o‘zgartirishadi. Hamida opadan murojaatini o‘rganish uchun zarur hujjatlarni departamentga taqdim qilishini so‘rashadi. 2 mart kuni esa shahar hokimligi orqali kelgan arznomasiga javob hozirlashadi. Unda onaxonni qiynayotgan muammo yechimi bir chetda qolib, shusiz ham o‘ziga ma’lum gaplarni, ya’ni hamma narsaga balogardon qaror mazmunini, majmuani qurish va taqsimlash o‘rnatilgan tartibda amalga oshirilishi zarurligini qayd etish bilangina kifoyalanishadi.

Ha, aytgancha, oxirgi ikki xat boshliq o‘rinbosari R.Hakimjonov tomonidan imzolanadi. Oradan yetti oycha o‘tgach, ya’ni 24 sentabrda o‘sha javobning sanasi, soni va topshiriq raqami o‘zgartiriladi-yu, qolgani shundayligicha qog‘ozga muhrlanib, departament boshqarma boshlig‘i M.Irmatov nomidan Hamida opaga va shahar hokimligiga qaytadan uchirma qilinadi. “Nomidan” deyishimga asos – imzo M.Irmatovnikiga o‘xshamaydi, aftidan, uning o‘rniga boshqa kishi o‘qimasdan qo‘l qo‘ygan. Aks holda, o‘tgan safar xato yozilgan “muzkur” so‘zini “mazkur”, onaxonning “Sultova”ga aylangan familiyasini “Sultonova” deb to‘g‘rilab qo‘ygan bo‘lardi.

“Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida qog‘oz qoralashda Shayxontohur tumani rahbarlari ham boshqalardan aslo qolishmagan. Hatto Hamida opaning shahar hokimligidan va Prezident virtual qabulxonasidan jo‘natilgan arznomalariga ham yuzaki yondashganlar. Uning pul yig‘ishga doir vajlarini vakolatlari doirasida tekshirib, xolisona to‘xtamga kelish o‘rniga xo‘jako‘rsinga ish yuritishgan. Deylik, bultur 19 fevralda onaxonga bu masalada ichki ishlar idoralariga murojaat qilish huquqi borligini eslatishgan. Yoki avji ko‘klamda yangi do‘konlarni taqsimlash tartibi unga ilgari tushuntirilganini xabar qilgan bo‘lishsa, yoz oxirida ushbu matnning sanasi va raqami yangilangan ko‘chirmasini taqdim etib, qutulishni afzal bilishgan.

Muammo o‘sha-o‘sha, qaror boshqa-boshqa, natija esa...

Endi hangomaning davomini tinglang. Turli g‘avg‘olar sababli ancha kech bo‘lsa-da, maj­mua qurishga mo‘ljallangan yerda bunyodkorlik ishlari boshlab yuboriladi. Bismillosiga quvurlar yotqizilib drenaj quriladi, usti suv sizib chiqmaydigan darajada mustahkamlanadi. Hadaha poydevor quyish, temir-beton ustun va devorlar ko‘tarish uchun po‘lat chiviqlar payvand­lanadi.. Bu o‘zgarishlarni ko‘rib, tadbirkorlar yengil nafas olishadi.

Ming taassuflarki, ularning quvonchi uzoqqa bormaydi. 2018 yil 21 noyabr kuni kechga yaqin qurilish joyida qudratli texnika va transport vositalari, zamonaviy ish qurollari bilan ta’minlangan bir gala odam paydo bo‘ladi. Ular buyruq bo‘yicha buzish ishlari bilan shug‘ullanib, kechagina hayot qaynagan va qalblarda ertangi kunga ishonch uyg‘otgan maydonchani tonggacha tep-tekis qilishadi. Bu, garchi sal oldin ogohlantirilgan esalar-da, boshi gangib qolgan mulkdorlar uchun dard ustiga chipqon bo‘ladi. Shundanmi, o‘sha kuniyoq tumani hokimligi

da rahbarlar, soha mutaxassislari va tadbirkorlar ishtirokida majlis chaqiriladi. Unda shahar sobiq hokimining 2017 yil 7 apreldagi qarorini bekor qilish masalasi va do‘kon qurish uchun tadbirkorlarga mutlaqo boshqa hududdan yer berish to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokama qilinadi. Bayonnomada bitilishicha, mulkdorlar bu taklifga e’tiroz bildirishmaydi, faqat juz’iy iltimoslarini aytishadi.

Shaharning yangi hokimi J.Ortiqxo‘jaev esa 21 dekabrda shu yig‘ilish xulosasiga monand 1835-sonli qarorni imzolaydi. Bu hujjatga muvofiq, sobiq hokimning ikkinchi qarori bekor qilinib, ko‘chmas mulki buzilishga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga kompensatsiya tariqasida qo‘shni Olmazor tumanining Zarqaynar ko‘chasi bo‘yida, avtoturargohlar tashkil etish sharti bilan, zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualarini kompleks ravishda qurish uchun 90 sotix yer doimiy foydalanishga ajratilishi belgilanadi. 

Shunday qilib, salkam 27 oy achchiq ichakday cho‘zilib, o‘ttizdan ziyod ishbilarmonni g‘am-tashvishga solib kelgan bitta muammo yuzasidan uchta qaror chiqarildi. Birinchisida faqat buzish va obodonlashtirish rejalashtirildi-yu, qurilish unutildi, zararlar qoplanmadi. Inchunin, joysiz va sarmoyasiz qolgan xususiy korxonalar inqirozga yuz tutdi. Bu talafotdan tadbirkorlar, ularning ishchi-xodimlari va davlat hanuz ziyon ko‘rib kelmoqda.

Ikkinchi safar majmuani loyihalashtirish va bunyod etish mulkdorlarning o‘zlariga topshirildi. Tuman va shahar hokimligidagilar bu vazifa nechog‘li uddalanayotganini yetarli darajada nazorat qilishmadi. Ana, oqibati: pul yig‘ish masalasida nizolar urchidi. Amal-taqal bilan boshlangan qurilish esa shaharsozlik holati va Toshkentning bosh rejasi o‘zgarayotgani bois to‘xtatilib, u yerda bor narsaning kuli ko‘kka sovurildi. Bu juda katta yo‘qotishlarga olib keldi. Xomaki hisob-kitoblarga qaraganda, tadbirkorlar 7 milliard 960 million so‘mdan ortiq mablag‘lariga chuv tushishgan. Bu ozmuncha pul emas! Egalari ularni ming bir azobda topishgan, oila a’zolari rizq-nasibasini qiyib, qurilishga ajratishgan. Ajabki, hay-hay qilib pul yiqqanlar va buzishga buyruq berganlar ularni qaytarish shartligini besh yarim oydan buyon xayollariga keltirishmayapti. Bizningcha, bu odamlarni tahqirlashdan, ularning haqiga xiyonat qilishdan boshqa narsa emas.

Uchinchi qaror bo‘yicha Zarqaynar ko‘chasi bo‘yidagi majmua shahar Qurilish bosh bosh­qarmasi tasdiqlagan yagona loyiha asosida qad rostlashi belgilandi. Bunisi yaxshi! Har qalay, qurilish jarayonida o‘zboshimchalikka va pala-partishlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Ammo hozirga qadar hech kim bu loyihani ishlab chiqish, so‘ng­ra tasdiqlash uchun bosh boshqarmaga taqdim etish borasida jon kuydirmadi, hammasi eski tos, eski hammomligicha turibdi.

Yana boyagi-boyagi, boy xo‘janing tayog‘imi?

– O‘tgan oy boshida Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida shahar kattalari va tadbirkorlarning soliq to‘loviga daxldor muloqoti bo‘ldi, – deydi 20 yildan buyon poytaxtimizda ishlab kelayotgan xorijlik ishbilarmon. – Unda men ham qatnashib, hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yi­cha sobiq birinchi o‘rinbosari Sherzod Xadjizadaevga bor gapni aytdim. U kishi avvaliga “Haliyam pulingizni qaytarib ololmadingizmi, qurilishni boshlamadingizmi?” deya ajablandi. Keyin muammomizni hal etishga ko‘maklashishini ta’kidlab, Mashrab ismli yordamchisining qo‘l telefoni raqamini berdi. Bu yigitga murojaatlarimiz esa zoe ketdi, amalda qilchalik ham o‘zgarish bo‘lmadi.

– Shu bois kechagi payshanba 15-20 kishi yig‘ilib, “Chorsu majmuasi” rahbarining xarajatlar bo‘yicha hisobotini eshitmoqchi, ko‘rgan zararlarimizni javobgarlardan undirish masalasini muhokama qilmoqchi bo‘ldik, – deydi Hamida Sultonova chuqur xo‘rsinib. – Chuchvarani xos sanagan ekanmiz, direktor va korxona vakili betobliklarini ro‘kach qilib, uchrashuvga kelishmadi. Biz odatdagidek ikki qo‘limizni burnimizga tiqib qolaverdik. Chamamda, bunaqa sansalorliklar, bizni “Bor otangga – bor onangga!” usulida sarson-sargardon qilishlar yaqin orada barham topadiganga o‘xshamaydi... 

Xo‘sh, endi bechora mulkdorlar yana qaysi ostonaga bosh ursinlar, kimga ishonsinlar? Haqiqat qaror topib, huquqlari va mulklari tiklanishini, pullari qaytarilishini yana qancha kutsinlar? Ular tokaygacha bamisoli o‘gaydek chetga suriladilar, qachongacha aldov qurboni bo‘ladilar? Eng ajablanarlisi, davlatimiz rahbari bitta ish o‘rni ochgan tadbirkorni boshiga ko‘tarishga shay turganda mutasaddilar nega teskarisini qilishayapti? Nega o‘z loqaydliklari va beparvoliklari oqibatida faoliyati barbod bo‘lgan, qimmatli vaqti behuda o‘tib, moddiy-ma’naviy jihatdan katta talafotga uchragan o‘nlab tadbirkor taqdiriga qiziqishmayapti? Nega o‘zlarini ularning o‘rniga qo‘yib ko‘rmayaptilar, nima uchun qanchadan-qancha kishi ishsiz qolganiga achinishmayapti? Yoki odamlarni mushkul ahvolga solibmi, dilini o‘ksitibmi, qanday bo‘lmasin, faqat qurilish qilish ular uchun insondan va uning qadr-qimmatidan ustunmi?

Har ishning o‘z me’yori va tartib-qoidasi bor!

Ochig‘i, bunday ko‘ngilsiz voqea-hodisalar boshqa shahar-viloyatlarimizda ham bot-bot kuzatilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlarni qattiq tashvishlantirib, shikoyatlar ko‘payishiga, keng jamoatchilik va deputatlar e’tiroziga sababchi bo‘lmoqda. Aksariyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirilib, qonuniy choralar qo‘llanilayapti. Masalan, Toshkent shahar hokimligi Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qabul qilgan qarorda zamonaviy mahalla markazi majmualarini qurish tegishli hudud aholisi roziligi bilan olib borilishi uqtirilgan. “Huquq” gazetasida ikki oycha burun bosilgan maqolada yozilishicha, ba’zi tumanlar hokimlari ushbu talabga bo‘ysunmay va omma xohish-irodasi bilan hisoblashmay, noqonuniy qarorlar chiqarishgan. Bu haqdagi shikoyatlarni atroflicha o‘rgangan prokuratura idoralari ularning 15 tasiga protest keltirgan va barchasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sudga arizalar kiritgan.

Yoki boshqa misol: milliy qonunchiligimizga ko‘ra, poytaxt tumanlari hokimlari o‘z hududlaridagi yer uchastkalarini har qanday maqsadda doimiy foydalanish uchun ajratish vakolatiga ega emas. Shahar hokimining 11 ta qarorida esa ularga “Zamonaviy mahalla” loyihasi doirasidagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun tashabbuskor tadbirkorlarga yer ajratish, guzarlar binolarini rekonstruksiya qilishga, qayta qurishga, atrofini obodonlashtirishga ruxsat etish topshirig‘i berilgan. Bu boshqa xatolarga doyalik qilgan, tumanlar rahbarlari qonunga xilof 392 ta qaror qabul qilishgan. Prokuratura organlari ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish xususida shahar hokimi nomiga taqdimnoma yuborgan.

Shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi esa yaqinda hududdagi eski turarjoylarni yangilash, shaharsozlikni rivojlantirish betartib olib borilayotgani tufayli shaxsiy mulkka tahdidlar bo‘layotganini achinarli hol sifatida baholadi. Ularning asl sabablarini birma-bir sharhlab, ahvolni o‘nglash yuzasidan jo‘yali taklif-tavsiyalar bildirdi.

Va nihoyat so‘nggi eslatma. Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, shu munosabat bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar o‘rnini to‘ldirish, jumladan, buzilgan uylar uchun kompensatsiya to‘lash Uy-joy kodeksi, maxsus nizom va davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi qaror faqat manfaatdor tomonlar bilan ochiq muhokama o‘tkazilib, foyda va xarajatlar baholangach, qabul qilinadi. Mulkdorlarga qarashli turarjoylar va ishlab chiqarish binolari, boshqa imorat-inshootlarni ayni maqsadda buzishga ularning bozor qiymati aniqlanib, yetkazilgan zarar o‘rni to‘liq qoplangandan so‘ng ijozat beriladi. Bu jarayonda yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplash haqida mulkdorlarga hokimliklar tomonidan beriladigan kafolat xati qonunchilikda nazarda tutilmagan. Shuningdek, u uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat ham bo‘lolmaydi..

Ana endi zarur xulosani o‘zingiz chiqarib olavering.

Bizning tilagimiz va niyatimiz esa xolis: diyorimizda qurilishlar ko‘payaversin, yangi-yangi imoratlar qad ko‘taraversin. Faqat bunyodkorlik ishlari bir maromda batartib olib borilsin. Hech kimni ortiqcha xavotirga solmasin, odamlarni norozi qilib, tub islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasin!

Abdunabi HAYDAROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


2 335
O‘zA