Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 15:06 Chop etish versiyasi

O‘tgan haftada 82 turli ijtimoiy obyektlar, 63 tadbirkorlik subyekti tekshiruvdan o‘tkazildi

Toshkent viloyati IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan tashkil etilgan profilaktika tadbirlari doirasida joriy yilning 6-sentabridan 13-sentabrga qadar 3 ming 418 xonadon, 82 turli ijtimoiy obyektlar, 63 tadbirkorlik subyekti tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruvlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan shaxslar ma’muriy jarimaga tortildi. Yong‘in kelib chiqish xavfi bo‘lgan bino va inshootlardan foydalanish vaqtincha to‘xtatildi. Hafta davomida viloyatda sodir bo‘lgan 31 yong‘inda fuqarolar tan jarohati olmagan.

Viloyatda yong‘in xavfsizligini ta’minlash va uning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bo‘ka tumani obodonlashtirish boshqarmasida o‘tkazilgan tushuntirish-targ‘ibot tadbirida yong‘inlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish tartib-qoidalari, o‘t o‘chirish vositalari hamda usullari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Tuman yong‘in xavfsizligi inspektorlari tomonidan tashkilot ishchi-xodimlariga ko‘chalarni tozalash, obodonlashtirish paytida xazonlar yoqib yuborilishining oldini olishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

– Ayniqsa, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida bu borada keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda, – deydi tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i A.Abdurayimov. – “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini guzarida o‘tkazilgan tadbirda xonadonlarda bo‘ladigan yong‘inlarga ko‘proq bolalarning nazoratsiz qoldirilishi sabab bo‘layotgani tushuntirildi. Kuz-qish mavsumida hududlarda nazorat-profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zarur. Chunki, bu davrda isitish uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ham yong‘in sodir bo‘lish holatlari kuzatiladi.

Xuddi shunday profilaktik tadbirlar Yangiyo‘l tumanidagi 45-,48-umumta’lim maktablari, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Kavardon” va “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham o‘tkazildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
380






Все о погоде - Pogoda.uz