Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.09.2017 19:10 Chop etish versiyasi

O‘t zudlik bilan o‘chirildi

 O‘t zudlik bilan o‘chirildi Toshkent shahridagi “Toshkent-Tola” yurtimizdagi mintaqaviy paxta terminallarining eng yirigi. 5-sonli paxta toylarini saqlash omborida elektr simining qisqa tutashuvidan yong‘in yuzaga keldi. Qo‘riqchilaridan biri tezda korxonadagi mavjud idoraviy yong‘in o‘chirish komandasiga xabar berdi. O‘tni o‘chirishga kirishildi. Biroq maxsus apparatlarning yetarli emasligi pand berdi. O‘t o‘chirayotganlar dimiqib qoldi...

Toshkent shahar garnizoniga berilgan xabar bo‘yicha to‘rt daqiqada yong‘in o‘chirish bo‘limi xodimlari kelib, qutqarish va o‘tni o‘chirishni boshladi. Uchinchi darajali bu yong‘inni bartaraf etishga 12 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb etildi.

Bu o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi instituti va Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan «Tovar moddiy boyliklar saqlanadigan maskanlarda yong‘in o‘chirish ishlarini tashkillashtirish» mavzuidagi sayyor-amaliy seminar doirasida amalga oshirildi.

“Toshkent-Tola” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ixtisoslashtirilgan mintaqaviy paxta terminalida o‘tkazilgan tadbirda Yong‘in xavfsizligi instituti professor-o‘kituvchilari, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahridagi muhim va toifalangan obyektlarning rahbarlari, obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun javobgar shaxslar, yong‘in texnik komissiyalari raislari va ko‘ngilli yong‘indan saqlash xizmati bo‘linmalari boshliqlari, yong‘in xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

7.JPG

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 23-maydagi yong‘in xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bajarilayotgan ishlar samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir.

– Joriy yilda mamlakatimizning barcha hududlarida bu kabi sayyor-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari S.Zuparov. – Maqsad bitta – yurtimizda yong‘inga qarshi holatni barqarorlashtirish, ishlab chiqarish va turmushda yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolarning yong‘inga qarshi madaniyatini oshirishdan iborat.

Seminarda yong‘inlar profilaktikasining ilg‘or shakl va usullarini joriy etish, yong‘in o‘chirishga jalb qilinadigan kuch va vositalarni boshqarish, ulardan samarali foydalanish, yong‘in nazorati va yong‘inlarni o‘chirish sohasiga zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasida ma’lumotlar berildi.

Sayyora Shoyeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
930






Все о погоде - Pogoda.uz