O‘zA O`zbek

30.08.2018 17:17 Chop etish versiyasi

Oʻt oʻchiruvchilarga yangi bino

Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami arafasida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati kasbiylashtirilgan yongʻin xavfsizlik qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda soha xodimlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda yongʻin xavfsizligi xizmati tizimida amalga oshirilganislohot va yangilanishlar xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

Prezidentimizning 2017 yil 23 maydagi “Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar masʼuliyatini oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Mazkur hujjatga muvofiq, mamlakatimizda haftaning har chorshanbasi “Yongʻinlar profilaktikasi kuni”, deb eʼlon qilindi. Bu tilsiz yovning oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli darajada kamayishiga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi mahalliy hokimliklar hamkorligida yongʻin xavfsizligi qismlari joylashgan binolarni kapital taʼmirlash, zarur hollarda yangidan bunyod etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, oʻtgan yillarda Denov tumanida ikkita, Sariosiyo, Termiz tumanlari va Termiz shahrida bittadan yongʻin xavfsizligi qismlari tubdan taʼmirlanib, shaxsiy tarkibning samarali xizmat qilishi, jangovarligini oshirishi uchun barcha qulaylik yaratildi. Yangi mebellar, kompyuter jamlanmalari, zamonaviy aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar yetkazib berildi. Oltinsoy tumanida bunyod etilgan yangi binoda ham shaxsiy tarkib uchun barcha sharoit mavjud.

Tadbirda kasbiylashtirilgan yongʻin xavfsizlik qismiga zarur talablar asosida jihozlangan yangi oʻt oʻchirish avtomashinasi topshirildi. Bir guruh soha xodimlariga maishiy texnika buyumlari sovgʻa qilindi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA
921