O‘zA O`zbek

24.08.2018 17:12 Chop etish versiyasi

Oʻt oʻchirish: amaliyot va tajriba

Jizzaxda viloyati IIB Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida oʻt oʻchirish boʻyicha amaliy taktik mashgʻulot oʻtkazildi.

Viloyat teleradiokompaniyasi bino va inshootlarida oʻtkazilgan oʻquv mashqida favqulodda vaziyat yuzaga kelganda muassasa rahbariyati va navbatchi masʻul xodimlari tomonidan amalga oshiriladigan tezkor tadbirlar, yongʻin oʻchirish garnizonining jangovar tayyorgarligi, ularning imkoniyatini oshirish, shaxsiy tarkibning oʻta qiyin vaziyatlarda jangovar vazifalarni bajarish qobiliyatini kuchaytirish hamda maxsus xizmatlar bilan harakatlarni muvofiqlashtirish kabi vazifalar amaliy sinovdan oʻtkazildi.

Oʻquv mashqida teleradiokompaniyaning koʻngilli vakillari, Jizzax shahar yongʻin xavfsizligi boʻlimi harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismlarining shaxsiy tarkibi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, shahar ichki ishlar boʻlimi tezkor tergov guruhi, qoʻriqlash, gaz va elektr tarmoqlari, tibbiy xizmat xodimlari jalb etildi.

Obyekt hududida joylashgan asosiy studiyada shartli sodir boʻlgan yongʻinni bartaraf etish vazifasi bajarildi.

– Oʻquv mashqidagi shartli vaziyatda harakatlar haqiqiy holatdagi natijalar bilan baholanishi ishtirokchilarning masʻuliyatini oshiradi, – deydi Jizzax viloyati IIB YOXB boshligʻi Ravshan Ibragimov. – Yakunda qatnashchilarning harakatlari, qoʻyilgan vazifani qanday bajarganliklari tanqidiy tahlil qilindi. Har bir xizmat xodimlarining favqulodda vaziyatlardagi harakatlari baholanib, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tahlil qilish amalda shunday xatolarning takrorlanmasligi uchun muhim. Oʻquv mashqini oʻtkazishda ham shu maqsad koʻzda tutilgan edi.

Oʻtkazilgan oʻquv mashqi soha mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Oʻquv mashqi faqat yongʻin xizmati xodimlari emas, viloyat teleradiokompaniyasi jamoasi va mazkur tadbirning barcha ishtirokchilari uchun mahorat darsi vazifasini oʻtaganligi eʻtirof etildi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
1 749