O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘simliklarni turli zararkunandalardan saqlash insoniy burchimiz

O‘simliklarni turli zararkunandalardan saqlash insoniy burchimiz

Bugungi kunda o‘simliklarni turli zararkunandalar ta’siridan saqlash, aholini sifatli buyumlar va oziq-ovqat bilan ta’minlashdek muhim masalada O‘simliklar karantini davlat inspeksiyalari tomonidan olib borilayotgan ishlar alohida o‘rin tutadi.

Aytishimiz joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan chet mamlakatlarga eksport qilingan 269 ming 722 tonna karantin ostidagi yuklar va 3 mln 494 ming 981 dona har xil mevali va manzarali ko‘chatlar hamda gullar karantin nazoratidan o‘tkazilib, ularga 11 ming 739 nusxa dunyo andazasidagi fitosanitar sertifikatlari berildi. Bundan tashqari inspeksiyaning chegara maskanlarida xorijdan qo‘l yuki va pochta orqali keltirilgan import o‘simlik mahsulotlariga Import karantin ruxsatnomasi asosida kerakli hujjatlar rasmiylashtirib berilmoqda. Shuningdek, ayrim holatlarda o‘simlik mahsulotlari xorijdan karantin hujjatlarisiz olib kelinayotgan bo‘lsa, bunday holatda bojxona xodimlari bilan birgalikda jismoniy shaxslar ishtirokida dalolatnoma tuzilib, mahsulotlar markaziy karantin laboratoriyasiga topshirilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, Toshkent shahar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatida zararlangan deb topilgan o‘simlik mahsulotlarini zararsizlantirish jarayoni ham muhim o‘rin tutadi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizdan chet davlatlarga eksport qilingan 27 ming 583 tonnadan ortiq har xil o‘simlik mahsulotlari, import bo‘lib kelgan 16 ming 370 tonna karantin nazoratidagi yuklar zararsizlantirildi. Bundan tashqari 196 ming 347 ming metr kub hajmdagi omborxonalar, 2 ming 736 metr kub yog‘och mahsulotlari, 39 ming 926 metr kub yuk tashiydigan transport vositalari ham zararsizlantirildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimiz, shahrimiz florasi barchamizning umummilliy boyligimiz. Kiyim kechagimizdan tortib, har kunlik oziq-ovqatimizgacha, yashayotgan uyimizdagi jihozlargacha deyarli o‘simlik mahsulotlaridan tayyorlanadi. Shunday ekan, o‘simliklarni turli zararkunandalardan saqlash, nafaqat karantin inspeksiyasi xodimlarining, balki har birimizning tabiat va jamiyat oldidagi insoniy burchimizdir.

Mavluda SULTONOVA,
Toshkent shahar O‘simliklar karantini
davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.

1 422
O‘zA