O‘zA O`zbek

02.09.2018 15:31 Chop etish versiyasi

Oʻsh shahrida oʻzbekistonlik quruvchilar tomonidan bunyod etilgan maktab-gimnaziya faoliyatini boshladi

Oʻsh shahrida oʻzbekistonlik quruvchilar tomonidan bunyod etilgan maktab-gimnaziya faoliyatini boshladi

Oʻsh shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yoʻldoshev rahbarligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasining Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

246227438_356604.jpg

Uchrashuvda keyingi yillarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida barcha sohalarda hamkorlik mustahkamlanib, kengayib borayotganligi, birgina joriy yilning yanvar-iyul oyida oʻzaro savdo aylanmasi 88 foizga oʻsib, qariyb 215,7 million dollariga yetganligi taʼkidlandi.

246227609_355056.jpg

Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga asosan, Oʻsh shahrida oʻzbekistonlik quruvchilar tomonidan barpo etilgan yangi maktab-gimnaziyaning ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Ikki qoʻshni davlat oʻrtasida madaniy, taʼlim sohasidagi hamkorlik ham kengayib bormoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistondagi 90 ta maktabda 7,5 mingga yaqin oʻgʻil-qiz qirgʻiz tilida saboq olmoqda. Oʻzbekistonda qirgʻiz tili va madaniyati, Qirgʻizistonda esa oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻsh shahri markazidagi Alisher Navoiy nomidagi 630 oʻringa moʻljallangan uch qavatli maktab-gimnaziya qurilishi Andijon viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida mamlakatimizning qator qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshirildi. Qurilish materiallari, uskuna va jihozlar Oʻzbekistondan keltirildi.

Keng oʻquv va laboratoriya xonalari, katta tomosha sahnasiga ega faollar zali, sport zali, futbol maydoni, tibbiyot xonasi, 150 oʻrinli oshxonasi boʻlgan mazkur maktabda oʻquvchilarning puxta bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Maktabning qariyb 1 gektar hududiga turli manzarali daraxtlar oʻtqazildi, obodonlashtirish ishlari bajarildi.

– Oʻzbekiston hukumatining begʻaraz yordami bilan maktabimizga yangi bino qurib berilganligi, shuningdek, 56 kompyuter, 33 televizor, 6 proyektor taqdim etilganligidan behad mamnunmiz, – deydi 18-maktab-gimnaziya direktori Turdioyim Qoramurzayeva. – Bu turli millatlarga mansub oʻquvchilar tahsil olayotgan maktabimizda taʼlim sifatini oshirishga yordam beradi, qolaversa, oʻzbek-qirgʻiz doʻstligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Maktabimizda turli xorijiy tillarni oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ota-onalarning taklif va istaklarini inobatga olib, oʻzbek tilida qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etiladi.

Doʻstlik va birodarlik bayramiga aylanib ketgan tadbirda oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tinchlik, millatlararo doʻstlikni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlar yangradi.

F.Ubaydullayeva, OʻzA
3 127