O‘zA O`zbek

18.05.2020 Chop etish versiyasi

Oʻrta Osiyodagi dastlabki muzey

Oʻrta Osiyodagi dastlabki muzey

Samarqand muzeyi Oʻrta Osiyoda tashkil etilgan dastlabki muzeylardan hisoblanadi.

Samarqand muzeyining tashkil etilishi eng avvalo oʻsha vaqtda mustamlakachi Rossiya imperiyasi maʼmurlari uchun oʻlkani chuqurroq oʻrganish, uning tabiiy boyliklarini oʻzlashtirish vositasi hisoblangan. Shu bilan birga Turkistondagi mahalliy ziyolilar va yevropalik aholining bir qismi uchun qadimiy asori-atiqalarning chetga chiqib ketmasligini taʼminlovchi, ularni bir joyga toʻplovchi vosita edi.

1868-yilda Samarqand ruslar tomonidan istilo etilgach, koʻp oʻtmay 1874-yilda shu yili qurib bitkazilgan Zarafshon okrugi boshqaruvi binosi (hozirgi Samarqand shahar hokimiyati binosi)da arxeologik muzey tashkil etildi. Tez orada muzeyda 5 mingdan ziyod arxeologik, numizmatik ashyolar va qoʻlyozmalar toʻplandi. Samarqand muzeyi ashyolari 1876-yilda Moskvadagi koʻrgazmada, 1878-yilda Toshkentdagi koʻrgazmalarda faol ishtirok etdi. 1881-yilda imperator Aleksandr II ning oʻrniga taxtga Aleksandr III ning kelishi Turkiston oʻlkasiga ham taʼsir etdi. Oʻz navbatida Turkiston general-gubernator va Zarafshon okrugi gubernatori ham almashdi.

M.Chernyayev sobiq kasbdoshi fon Kaufman davrida amalga oshirilgan oʻzgarishlarni yoʻqqa chiqara boshladi. Masalan Toshkentdagi xalq kutubxonasi (hozirgi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi) Toshkent muzeyini kitob omboriga aylantirildi. 1882-1883-yillarda Samarqand muzeyining kolleksiyasi ham Toshkent muzeyiga olib ketildi.

Shunday keyin ham okrug kanselyariyasida qolgan baʼzi arxeologik ashyolar asosida muzey kolleksiyasi boyishda davom etdi. 1894-yilda Samarqandda oʻtkazilgan koʻrgazmada Samarqand muzeyi ashyolari qatnashganligi buning dalilidir.

1896-yilda kapitan Barщyevskiy kolleksiyasini 1-gildiya savdogari Reshetnikov sotib oldi va Samarqand muzeyiga sovgʻa qildi. Shu yil 21-iyulda Georgiy cherkovi (hozirgi viloyat yozuvchilar uyushmasi binosi) binosida Samarqand muzeyi rasmiy ravishda qaytadan ochildi.

1911-yilda muzey uchun alohida bino qurildi (hozirgi A.R. Beruniy nomidagi yoshlar kutubxonasi binosi) va muzey shu binoga koʻchib oʻtdi.

1933-yilda muzey kolleksiyasining bir qismi Registon ansamblidagi Ulugʻbek madrasasi ichiga koʻchirildi.

1939-yilda savdogar Avraam Kalontarovning uyi (hozirgi viloyat oʻlkashunoslik muzeyi binosi) muzey uchun foydalanishga topshirildi va muzey shu joyda faoliyat boshladi.

1979-yilda Registon maydoni yaqinida Samarqand muzeyi uchun yangi bino qurib bitkazildi va ushbu binoda 2009-yilgacha Samarqand muzeyi faoliyat olib bordi.

1982-yilda Oʻzbekiston hukumati qarori bilan Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tashkil etildi va viloyatdagi barcha yodgorliklar hamda muzeylar ushbu tuzilma tarkibiga kiritildi.

2009-yildan Samarqand muzeyi M.Ulugʻbek koʻchasi 148 uyda faoliyatini olib bormoqda.

2017-yilda Oʻzbekiston hukumati tomonidan Samarqand muzeyi uchun shaharning eski shahar qismidan yangi maxsus bino qurish uchun 70 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi va qurilish ishlari 2020-2027-yillar davomida amalga oshirilishi belgilandi.

Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibiga bugungi kunda 8 ta muzey va 10 ta meʼmoriy yodgorlik hamda 2 ta ziyoratgoh kiradi. Ushbu muzey va yodgorliklarda 300 ga yaqin ilmiy va boshqa xodimlar mehnat qilmoqda.

Maxmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi
bosh muhofizi.

6 804
OʻzA