Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.07.2018 17:23 Chop etish versiyasi

O‘rmonga o‘t ketsa ho‘l quruq baravar yonadimi?

Kunning isishi, iqlimning nihoyatda qurg‘oqchiligi o‘rmonlarda yuz beradigan yong‘inlar sonini ortishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilikning xabari bor, ayni vaqtda dunyoning ko‘plab davlatlarida, xususan, Rossiyada yirik o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha o‘rmonlar yong‘ini oqibatida 2 million tonnadan ortiq organik modda yo‘q bo‘lib ketar ekan. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra 99 foiz holatlarda bevosita insoniyat tufayli, qolgan 1 foiz holatda tabiiy ofatlar sababli o‘rmonlarda yong‘in kelib chiqishi aniqlangan.

O‘rmonga o‘t ketsa ho‘l quruq baravar yonadi, deb bejiz aytishmagan. Afsuski, bu naqlni o‘rmonlarga sayru sayohat qilish ishtiyoqmandlari, ovchilik ishqibozlari unutib qo‘yishadi. Ular yoqqan gulxan yoki sigareta qoldig‘i arzimagan vaqt ichida katta alangaga aylanib, daraxtlarga, to‘qayzorlarga qiron keltirishini xayollariga ham keltirishmaydi.

Ayni vaqtda ana shunday holatlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida qanday choralar ko‘rilayotgani haqida O‘rmon muhofazasi boshqarmasi bosh mutaxassisi G‘anisher Xo‘jayev bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Ba’zan odamlarning e’tiborsizligi
hamda ehtiyotsizligi oqibatida minglab
gektar o‘rmonzorlarda, yaylovzorlarda
yong‘in chiqib, ulardagi mavjud o‘simlik
va hayvonot dunyosining yo‘q bo‘lib ketishiga
sabab bo‘lmoqda. Bu o‘rmonning go‘zalligiga
dog‘ tushirish bilan birga ajralib chiqadigan
kislorod miqdorining keskin kamayishiga,
tuproq tarkibining buzilishiga, foydali
hashorat va mikroorganizmlarning yo‘qolib
ketishiga olib keladi.

Hozirda yurtimizda
o‘rmon fondi yerlarining umumiy maydoni
11 153.3 ming gektar bo‘lib, umumiy yer
maydonining 25 foizini tashkil qiladi.
Shu sababli o‘rmon yong‘inlari oldini olish
yuzasidan barcha choralar ko‘rilib, 717 nafar
o‘rmon qo‘riqchisi muntazam ishlamoqda.

Ko‘p yillik kuzatishlar va olingan ma’lumotlar tahliliga qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘p yong‘in sodir bo‘lishi daryo bo‘ylaridagi to‘qayzorlarda kuzatiladi. Bu yerlarda ehtiyot choralari ko‘rilmasa, aholining, jumladan dam olish va ovga chiqqan kishilarga nisbatan hushyorlik kuchaytirilmasa, o‘rmonchilarimizning yuz yillab qilgan mehnatlari mahsuli- Vatanimizning bebaho boyliklari makoni yonib kulga aylanishi hech gap emas.

Ushbu maskalarni va o‘rmonlarni yong‘indan asrash maqsadida ko‘pgina o‘rmon xo‘jaliklari va qo‘riqxonalarimizda ko‘ngilli o‘t o‘chirish drujinalari, navbatchilik guruhlari tashkil etilgan. Ular yong‘inni o‘chirishda kerak bo‘ladigan moslamalar, asbob va uskunalar bilan ta’minlanib, o‘rmon hududlari yoki ularga yaqin joylarda suv hovuzlari tashkil etilgan. Xo‘jalik va qo‘riqxonalar, milliy bog‘ hududlari suv uzatish nasoslari, traktorlar va avtomashinalar bilan ta’minlangan. O‘rmon xo‘jaliklarining muntazam ravishda aholi dam olishga chiqadigan maydonlarida va yo‘l chetlarida yong‘inni tezda bartaraf etish maqsadida plastmassa suv idishlarida suv zaxiralari va supurgilardan tashkil topgan yong‘in o‘chirish burchaklari tashkil etilgan.

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari bilan xo‘jaliklar o‘rmonchilari-qo‘riqchilarining hamkorligi umumiy maqsad yo‘lidagi vazifani ado etishda qo‘l kelmoqda. Shuningdek, o‘rmonlardagi daraxtlarning kasalliklarga chalinib, qurib qolmasligi yoki o‘z- o‘zidan yonib ketmasligi uchun bahor va kech kuz oylarida ular butaladi. Kasallikka chalinganlari olib tashlanib, o‘rniga yangilari ekib, parvarishlanadi.

O‘rmonlarimiz boyliklar makoni. Shunday ekan, ularni kelajak avlodga yetkazish muqaddas burchimiz bo‘lib qolsin. Siz ham o‘rmon yong‘inlarini oldini olishda faol ishtirok eting.


Sayyora Shoyeva O‘zA
2 827