O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻrikzor” savdo majmuasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, bozor vaqtinchalik yopildi

“Oʻrikzor” savdo majmuasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, bozor vaqtinchalik yopildi

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan hududlar, jumladan, Toshkent shahri aholisi oʻrtasida koronavirus infeksiyasini erta aniqlash hamda tarqalishining oldini olish maqsadida poytaxtimizdagi barcha dehqon bozorlari va yirik savdo majmualari ishchi-xodimlari, sotuvchilari hamda yuk tashuvchilaridan profilaktika maqsadida koronavirus infeksiyasiga laborator tahlillar uchun surtma namunalari olish ishlari tashkil etildi.

– Bugungi kunga qadar dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida ishlovchi 6251 nafar fuqaro profilaktik maqsadda koronavirus infeksiyasiga tekshirildi, – deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Malika Qudratxoʻjayeva. – Shu jumladan, kuni kecha “Oʻrikzor“ savdo majmuasi MCHJda jami 789 nafar fuqarodan surtmalar olingan. Tahlil natijalariga koʻra, mazkur savdo majmuasidagi oziq-ovqat doʻkonida sotuvchi boʻlib ishlovchi fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Ayni paytda ushbu bemor bilan muloqotda boʻlgan barcha fuqarolar oʻrnatilgan tartibda qatʼiy karantin kuzatuviga olindi.

Shunga koʻra, “Oʻrikzor” savdo majmuasida epidemiologik surishtiruv ishlarini oʻtkazish hamda kasallik tarqalishining oldini olish, bozorda epidemiyaga qarshi va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish hamda taʼmirlash, sanitar tozalash va zararsizlantirish ishlarini oʻtkazish maqsadida tuman hokimligi bilan kelishilgan holda, bozor maʼmuriyati tomonidan savdo majmuasi faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Bozorda epidemiologik surishtiruv ishlari yakunlanib, sanitar tozalash va zararsizlantirish tadbirlari amalga oshirilgach, majmua yana oʻz faoliyatini davom ettiradi.

Koʻrinib turibdiki, ayni kunlarda aholi orasida hamon koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmoqda. Ushbu holatlardan ayon boʻlayaptiki, yon atrofimizda koronavirusga chalinganlar yoʻqligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bu esa har qanday vaziyatda ham koronavirus yuqtirib olishning ehtimoliy xavfidan hushyor boʻlishimizni, ehtiyot choralarini doimiy koʻrishimizni talab etadi.

Shu sababli Sogʻliqni saqlash vazirligi xalqimizdan, yana bir bor, baʼzi joylarda berilgan erkinlikni notoʻgʻri tushunmasdan karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, yaʼni qoʻl berib yoki quchoqlashib koʻrishishdan tiyilish, jamoat joylarida toʻplanmaslik, ayniqsa, yoshlarni zaruratsiz koʻchaga chiqmasligini, qoʻllarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qatʼiy amal qilishlarini, shuningdek, muborak Ramazon hayiti bayramini uyda, oila davrasida bayramona kayfiyatda nishonlashlarini soʻraydi. Bu oʻzingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun juda muhim.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

1 020
O'zA