Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.05.2018 16:49 Chop etish versiyasi

O‘rganishlar natijasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlaridan tarkib topgan guruh Toshkent shahar Mirobod tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani tubdan isloh etish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Ushbu o‘rganish Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi sessiyasida mazkur o‘rganishlarning natijasi muhokama qilindi. Unda Qonunchilik palatasi deputati, ishchi guruh rahbari R.Kusherbayev axborot berdi.

2017 yilda Mirobod tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish117,3 foizga, chakana savdo aylanmasi109,8, jami xizmatlar 119,7, pudrat qurilish ishlar hajmi 107,4 foiz o‘sishiga erishilgan. O‘tgan yilda tumanda kichik biznes subyektlari 4407 ta bo‘lib, shundan 731 tasi yangidan tashkil etilgan. 2017 yil yakuni bo‘yicha tumanda mahalliy byudjet daromadlar rejasi 10,2 milliard so‘mga ortig‘i bilan bajarilgan. Ushbu mablag‘lar tumanning ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, ta’lim muassasalarini hamda obodonlashtirish sohasini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan.

2016-2018 yillarda Mirobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 143 loyiha ishga tushirilishi natijasida mingga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni yaratilgan.

Mavjud kamchiliklar haqida ham so‘z yuritildi. Xususan, umumta’lim maktablarining ayrim sinflarida o‘quvchilar me’yordan ko‘p. Tumandagi barcha maktablarda informatika xonalari kompyuterlar bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, ulardagi 11 foizdan ko‘proq kompyuterlar yaroqsiz holatda va ma’naviy eskirgan. Maktablarni darsliklar bilan ta’minlash tizimida ham kamchiliklar mavjud. Olib borilgan ishlarga qaramasdan, muqaddam sudlangan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oshganligi tanqidiy tahlil qilindi.

Mirobod tumani hokimligiga uy-joyga muhtoj ehtiyojmand oilalarga Sergeli tumanida imtiyozli kredit asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardan kvartira ajratish borasida 2017 yildan shu kunga qadar mingdan ziyod fuqarodan ariza tushgan. Shulardan 478 tasiga komissiya xulosasiga asosan uy-joy berilgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 281