O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻrgan, pul toʻpla, ishlab top”

“Oʻrgan, pul toʻpla, ishlab top”

Toshkentda joriy yilning 23-29-mart kunlari ilk bor ana shunday shior ostida mamlakat aholisining moliyaviy savodxonligini oshirishga bagʻishlangan “Global Money Week” xalqaro haftaligi oʻtkaziladi. U yoshlarni moliya, investitsiyalar va tadbirkorlikka jalb qilishga yordam beradi. 

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkidan olingan maʼlumotlarga koʻra, tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarni xususiy mablagʻ toʻplash va undan samarali foydalanish uchun zarur boʻlgan moliyaviy koʻnikmalarga oʻrgatishdir. Bu koʻnikmalar yigit-qizlarning ish haqi, pul toʻplash va mablagʻlarni sarflash oʻrtasidagi farqni tushunishlariga yordam beradi, oʻz shaxsiy mablagʻi va oila byudjetidan yana-da oqilona foydalanishlari hamda rejalashtirish imkonini beradi.

Taʼkidlash kerakki,“Global Money Week” (GMW) haftaligi bir vaqtning oʻzida dunyoning 175 davlatida boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston bu global aksiyada ilk bor ishtirok etayapti. Moliyaviy savodxonlik haftaligi doirasida milliy tashkilotlar, moliya muassasalari, banklar, nodavlat va yoshlar tashkilotlari, mahalliy korxonalar, universitet va maktablar birgalikda “Learm.Save.Earn” (“Oʻrgan, pul toʻpla, ishlab top”) umumiy shiori ostida tadbirlar tashkil etadilar. Mazkur haftalik ishtirokchilari bank, fond birjalari, mahalliy korxonalar va xalqaro korporatsiyalar ofislariga tashrif buyurishlari mumkin. Ular uchun moliyaviy savodxonlikka bagʻishlangan seminar, sessiya va yarmarkalar tashkil etiladi. Shuningdek, moliya-taʼlim yoʻnalishida turli oʻyinlar va musobaqalar boʻlib oʻtadi.

Xalqaro moliyaviy savodxonlik haftaligida IT Park ham ishtirok etadi. Mamlakatimizdagi birinchi dasturiy mahsulotlar parki “Digital Finanse” mavzusini yoritib beradi. Tashkilotchilarning rejasiga koʻra, bu yoʻnalishda Prezident maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Digital Finanse” sohasida gʻoyalarni yaratish boʻyicha ideaton va “Oʻzbekistonda ”Digital Finanse“ni rivojlantirish” munozaralar paneli tashkil etiladi. Shuningdek, talabalarning mazkur soha vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtadi. 

2 344
Roman BONDARCHUK, OʻzA