O‘zA O`zbek

29.02.2020 Chop etish versiyasi

Oʻquvchilarning ijodiy mashqlari Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari tomonidan adabiy-badiiy tahlil qilindi

Oʻquvchilarning ijodiy mashqlari Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari tomonidan adabiy-badiiy tahlil qilindi

“Til bilgan – el biladi“, degan naql bor xalqimizda. Dunyoga chiqish, boshqalarni bilish esa, eng avvalo, ona tilini chuqur oʻrganish va unga hamisha hurmat bilan munosabatda boʻlishdan boshlanadi.

Maʼlumotlariga koʻra, sayyoramiz aholisi 7 ming 111 tilda soʻzlashar ekan. Ana shu tillarning atigi bir foizida (70 ta tilda) Yer shari aholisining 90 foizi gaplashadi. Bizning tilimiz ana shu barqaror 1 foizga kiradi. Oʻzbek tilida Yer yuzida 40 millionga yaqin aholi gaplashadi. Oʻzbek tili soʻzlashuvchilar soniga koʻra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biridir.

Bu raqamlar har bir oʻzbek farzandining qalbida faxr uygʻotadi. Chindan ham, ona tilimizning xalqaro maqomi havas qiladigan darajada. Bugun u mamlakatimizning davlat tili boʻlibgina qolmay, qoʻshni Afgʻonistonning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbek tilining bunday yuksak koʻrsatkichi bosh omili, shubhasiz, badiiy adabiyot bilan bogʻliqdir. Hazrat Mir Alisher Navoiy boshlab bergan taraqqiyot yoʻli davomida koʻplab nasriy va nazmiy namunalar yaratilgan. Ularning betakror maʼno-mazmuni ona tilimizning yana-da keng quloch yoyishiga zamin yaratib kelmoqda.

Bu borada ijod maydoniga kirib kelayotgan havaskorlar oʻzbek tilining boy leksikologiyasidan unumli foydalanish borasida koʻrsatmalarga hamisha ehtiyojmand, albatta. Ayni maqsadda, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida “Nazm dunyosida ona tilim rivoji” mavzusida adabiy kecha boʻlib oʻtdi.

Tadbir Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi qoshidagi 1-sonli Toshkent akademik litseyi, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi hamkorligida tashkil qilindi.

Tilimizdagi har bir soʻz, jumla shunday tizim asosida yaralganki, biror boʻgʻinni, hattoki, harf, tovushni notoʻgʻri talaffuz qilish soʻz, gap, butun matnning mazmuni oʻzgarib ketishiga olib kelishi mumkin.

Oʻzgacha uslubda tashkil qilingan mahorat darsida oʻquvchilarning ijodiy mashqlari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, shoirlar tomonidan adabiy-badiiy tahlil qilindi, tahrirdan oʻtkazildi. Maʼruzalarda ona tilimizga hamisha ehtirom koʻrsatish, soʻzlarni oʻz oʻrnida qoʻllay bilish eng dolzarb masalalardan biri ekanligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, oʻquvchilar psixologiya fanlari doktori Hazrat Jabborovdan ijod psixologiyasiga oid maslahatlarni olishdi.

Sheʼriyat kechasining badiiy qismida Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalarining namoyishlari taqdim etildi hamda tadbir soʻngida yosh havaskor ijodkorlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan kitoblar bilan taqdirlandi.

S.Samandarova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi.

3 431
OʻzA