O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘quvchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘rganishdi

O‘quvchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘rganishdi

Navoiy viloyati Zarafshon shahrida maktab o‘quvchilari ishtirokida “Yo‘l harakati qoidalari va belgilarini o‘rganamiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Navoiy viloyati Zarafshon shahar o‘quv sport texnika klubi tomonidan shahar xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yo‘l harakati xavfsizligi sohasi mutaxassislari, shahardagi 10-umumta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.

Yo‘l transporti bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan o‘ziga xos targ‘ibot tadbiri interaktiv usulda olib borildi. Ya’ni, tadbirda o‘quvchi-yoshlardan yo‘l harakatiga oid qanday qoida va belgilarni bilishi, ushbu qoida va belgilar qanday ma’no anglatishi, yo‘lda harakatlanishda qoida va belgilarga qay darajada amal qilishi o‘rganilib, o‘quvchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘ldirildi.

– Tadbirda o‘quvchilarga yo‘l, ayniqsa chorrahalarda to‘g‘ri harakatlanish qoidalari ham nazariy, ham amaliy jihatdan o‘rgatildi, – deydi Zarafshon shahar O‘STK avtotransport vositalarini amaliy boshqarishni o‘rgatuvchi yo‘riqchisi Xurshid Ahmedov. – Shuningdek, bu borada qonunchiligimizda belgilangan yo‘l harakati qoidalari, ularga amal qilishning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarga “Vatanparvar” tashkilotida sport yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilib, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ular Zarafshon shahar o‘quv sport texnika klubining sport seksiyasi va to‘garaklariga taklif etildi.

1 498
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA