O‘zA O`zbek

25.08.2018 16:58 Chop etish versiyasi

Oʻquv yiliga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

Oʻquv yiliga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
Yoshlar ijod saroyida Xalq taʻlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan brifingda ayni savol doirasida maʻlumotlar berildi.

Xalq taʻlimi vaziri Sh.Shermatov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, undan kutilayotgan natijalar, kelgusida taʻlim tizimiga tatbiq etiladigan loyihalar xususida toʻxtaldi.

Xalq taʻlimi tizimidagi mavjud muammolar tahlil etildi. Oʻqituvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash barobarida ularning hurmatini oshirish, oʻz ishiga masʻuliyat bilan yondashishiga erishish, bilimi, saviyasi, kasbiy malakasini muntazam yuksaltirib borish xususida soʻz bordi. Shuningdek, darsni tashkil etish jarayonidagi kamchiliklarni bartaraf etish, oʻquvchilar va oʻqituvchilarning oʻzaro hamkorligiga erishish kabi masalalarga eʻtibor qaratildi.

Soha takomillashuvi AKTlardan unumli foydalanish, umumtaʻlim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, eng muhimi, taʻlimga malakali kadrlarni jalb etish natijasida boʻladi. Ayni masala inobatga olinib, poytaxtimizdagi bitta maktab va bitta tuman xalq taʻlimi boʻlimi boshligʻi lavozimiga tanlov eʻlon qilindi. Sinov tarzida boshlangan mazkur ish kelgusida bilimli, malakali kadrlarni sohaga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning joriy yil 14-avgustdagi “Yoshlarni maʻnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʻlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash va soha takomillashuvida muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qarorga koʻra, joriy yil sentyabr va 2019-yilning yanvaridan oylik maoshlari oshirilishi belgilangan. Shuningdek, endilikda pedagoglarga imtiyozli ipoteka kreditlari, avtomobil va isteʻmol kreditlarini olishi, oila aʻzolari esa tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun imkoniyatlar beriladi.

Joriy oʻquv yilidan sinov tarzida mamlakatimizdagi 150 umumtaʻlim maktabida majburiy maktab dasturi doirasida oʻquvchilarga shaxmatni oʻrgatish koʻzda tutilmoqda. Uning natijasi bu loyihani boshqa umumtaʻlim maktablarida joriy etish yoki etmaslikni belgilaydi.

“Ustoz ovozi” telegram kanali va ustoz ovozi.uzedu.uz sayti faoliyati yoʻlga qoʻyilishi yuzasidan maʻlumot berildi. Unda taʻlim sohasidagi maʻlumotlar ochiq-oshkora, shaffof tarzda qoʻyib boriladi. Bu jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish imkoniyatini beradi.

Taʻlim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan rejalar yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Tadbir doirasida maktab yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda oʻquv qurollari, darsliklar, qoʻshimcha adabiyotlar xaridorlarga taklif etildi.

“Barkamol avlod” Respublika bolalar ijodiyot markazi oʻquvchilari tomonidan hunarmandlik, texnik buyumlar koʻrgazmasi ham oʻtkazildi. Kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 15-avgustda “Davlat umumiy oʻrta taʻlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʻminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.

Unga asosan, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab davlat umumiy oʻrta taʻlim muassasalari oʻquvchilarining qaror bilan tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilangan.

Tadbirda mazkur yangi formaning taqdimoti ham oʻtkazildi.

B.Meliqulova, A.Abdullayev (surat), OʻzA
3 158