O‘zA O`zbek

13.09.2018 20:01 Chop etish versiyasi

Oʻquv-simulyatsiya markazi ochildi – u talabaga nima beradi?

Oʻquv-simulyatsiya markazi ochildi – u talabaga nima beradi? Andijon davlat tibbiyot institutida oʻquv-simulyatsiya markazi tashkil etildi.

Xoʻsh, u talabaga nima beradi? Taʼlim sifatini nechogʻli oʻzgartiradi? Malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, tibbiyot xodimlarining bilim va mahoratini oshirishda qanday ahamiyatga ega?

– Koʻp funksiyali markaz, yaʼni oʻquv-simulyatsiya laboratoriyasi tashkil etilgani talabalarga sifatli bilim berish, nazariya va amaliyotni uygʻun olib borish imkoniyatini yaratadi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madaminjon Madazimov. – Mazkur innovatsion usul orqali taʼlim amaliy ishlar, ilgʻor oʻqitish uslublari uygʻunligida olib boriladi. Bu albatta, oʻqitish sifati va shifokorlarmahorati yuksalishiga, zamonaviy ilgʻor tajribalarni oʻrganishiga yaqindan yordam beradi.

Markazda moslashtirilgan anesteziologiya-reanimatsiya, jarrohlik, akusher-ginekologiya, oftalmologiya, otorinolaringologiya, terapiya, pediatriya-neontologiya, anatomiya va bemor simulyatsiya kabinetlari tashkil etilib, eng soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar, zarur oʻquv jihozlari bilan taʼminlandi.

Taʼlim sifatini oshirishda simulyatsion oʻqitishning qaytarish va koʻp marotaba kuzatish, imitatsionva virtual trening singari qator ustuvor yoʻnalishlari markaz faoliyatiga toʻliq tatbiq etiladi. Natijada talabalar bemor bilan ishlash borasida yetarli amaliy tajribaga ega boʻladi. Markazning pult-nazorat markazida esa ular shifokor va talabalarning bemorni koʻrish, u bilan muloqot qilish, tavsiyalar berish jarayoni qay darajada bajarilayotganini virtual tarzda bevosita kuzatishi mumkin. Shuningdek, talabalarning amaliy koʻnikmasini nazorat qilish va baholash uchun alohida monitoring markazi ham tashkil etildi.

Tibbiyotda simulyatsion oʻqitish boʻyicha Yevropa hamda Rossiya mutaxassislarining uslubiy tavsiyalari, amaliy koʻmagi bilan tashkil etilgan oʻquv-simulyatsiya laboratoriyasi ishini samarali yoʻlga qoʻyish talabalarning amaliy tayyorgarligi, bilim va malakasini baholash, oʻziga xos klinik qaror qabul qilish koʻnikmasini rivojlantirish, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etishga xizmat qiladi.

Xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda kelgusida markaz faoliyatini yanada takomillashtirish koʻzda tutilgan.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat) OʻzA
1 570