Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 18:36 Chop etish versiyasi

"Adolat" SDPning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyati kengaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston "Adolat" SDP siyosiy kengashi markaziy apparati tomonidan o‘tkazilgan o‘quv-seminar mazkur farmon ijrosiga bag‘ishlandi.

"Adolat" sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari A.Rahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi N.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholining murojaatlari bilan ishlash tartibi barcha davlat idoralari faoliyatida mutlaqo yangi tizimga o‘tkazilganini ta’kidladi.

"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni amalga oshirishning samarali mexanizm va usullarini joriy etish masalalari muhokama etildi.

"Adolat" SDP tizimida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha nizom ishlab chiqilib, joriy yilning fevral oyida partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qoshida "Adolat" qabulxonalari tashkil etildi. Partiya rasmiy veb-saytida virtual qabulxona ishga tushirildi.

Seminarda partiya tizimida joriy qilingan qabulxonalarga biriktirilgan mutaxassislarga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning huquqiy asoslari, tartib-qoidalari haqida bilim va ko‘nikmalar berildi.

Murojaatlarni rasmiylashtirish, tegishliligi bo‘yicha ijro etish tartibi va muddatlari slayd-taqdimotlar vositasida seminar ishtirokchilariga atroflicha tushuntirildi. "Adolat" qabulxonalari ishini tizimli yo‘lga qo‘yish, ular faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlash maqsadida partiya rasmiy veb-sayti va "Adolat" ijtimoiy-siyosiy gazetasida har oyda tahliliy maqolalar berib borilishi lozimligi ta’kidlandi.

Seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan javob oldi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 355






Все о погоде - Pogoda.uz