O‘zA O`zbek

03.08.2018 22:57 Chop etish versiyasi

O‘qituvchisi 3-sektor rahbari bilan uchrashuvda muhim masalani ko‘tardi

O‘qituvchisi 3-sektor rahbari bilan uchrashuvda muhim masalani ko‘tardi
Arnasoy informatika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Husniddin Abdurazzoqov 3-sektor rahbari, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Qodirov bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda muammoni yashirmadi.

Uning sa’y-harakati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi Arnasoy informatika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini zarur sport anjomlari bilan ta’minladi.

Bu masala yaqinda ushbu kollej o‘qituvchisi Husniddin Abdurazzoqov tomonidan 3-sektor rahbari, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Qodirov bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda ko‘tarilgan edi.

– O‘quvchilarimiz nafaqat tuman yoki viloyat, balki mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ham yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda, – deydi H.Abdurazzoqov. – Murojaatimiz e’tiborga olinib, kollejimiz zarur sport anjomlari bilan ta’minlangani yoshlarimizning sportda yanada katta muvaffaqiyatlarga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida hududdagi muammolarni tezkor o‘rganish va yechimini topishda sektor rahbari bilan barcha tumanlarda sayyor qabullar o‘tkazish doimiy yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara berayotir.

Sayyor qabullarda fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlar asosida hududdagi ishsizlik, kommunal xizmatlar va infratuzilma bilan bog‘liq murojaatlar, elektr energiyasi, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, transport, arzon uy-joylar qurish, obodonlashtirish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolar aniqlanib, hal etilmoqda.

Sayyor qabullarda tuman hokimlari, tegishli hududiy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi fuqarolarning murojaatlarini, mahallalarga biriktirilgan ishchi guruhlarning uyma-uy yurib aniqlagan muammolarini, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni tezroq aniqlash va hal etish imkoniyatini bermoqda. Shuningdek, ularning muntazam yo‘lga qo‘yilgani avvalgi uchrashuvlarda belgilangan ishlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.

Masalan, Paxtakor tumani markazida o‘tkazilgan sayyor qabulda avvalgi uchrashuvda ko‘tarilgan muammolar qanday bajarilgani o‘rganildi. Jumladan, aholi murojaatlari asosida “Bog‘ishamol” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi asosiy ko‘chani ta’mirlash, hududda nuroniylar uchun choyxona qurishda yordam berish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

T.Beknazarov, O‘zA
3 019