O‘zA O`zbek

14.08.2018 09:36 Chop etish versiyasi

O‘qituvchilarning oyligi oshirildi, ularga avtokreditlar beriladi

O‘qituvchilarning oyligi oshirildi, ularga avtokreditlar beriladi
Nihoyat kutilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladigan bo‘ldi.

“Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, yoshlarni a’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018-yil 1-sentyabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘quvchilariga uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirildi.

2019-yil 1-yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

Ustamalar, sinf rahbarligi va daftar tekshirganlik uchun to‘lanadigan to‘lovlarni hisobga olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari toifalar bo‘yicha o‘rtacha hisobda 24 foizdan 39 foizgacha, yuqori sinf fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasi 37 foizdan 49 foizgacha, maktab direktori va ularning o‘rinbosarlariniki o‘rtacha 27 foizga, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilariki o‘rtacha 26 foizga oshirildi.

Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab psixolog shtat birliklari maktabdagi o‘quvchilar soni 250 nafargacha bo‘lganda 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq bo‘lsa 3 shtat birligi etib belgilandi.

Shuningdek, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 2018-yil 1-sentyabrdan mutaxassis o‘qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirildi hamda 2019-yil 1-yanvardan 1,1 baravarga oshirildi. Natijada maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalari 96 foizga oshdi.

Qarorda hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorda har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 25 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a’zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun kreditlar berish belgilandi.

Qarorda 2018-2020-yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obro‘sini targ‘ib qiluvchi “O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ni tashkil etilishi belgilandi.

Qarorning yana bir o‘ziga xos jihati 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan maktablar, san’at va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni berish tartibi joriy qilindi.

Tegishli vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim, maktabdan tashqari ta’lim sohasiga davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, jahondagi oliy ta’lim muassasalarining reytingida 1000 talik ro‘yxatga kiradigan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini yoki fakultetlarini O‘zbekiston Respublikasida litsenziya olmasdan va boshqa imtiyozli shartlarda tashkil etish masalasini o‘rganib chiqib, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalidan olindi.

O‘zA
15 721