O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘qituvchilarga litsenziya berish tartibiga partiyalar qarshi chiqmoqda

O‘qituvchilarga litsenziya berish tartibiga partiyalar qarshi chiqmoqda

2021 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda maktab rahbarlari va o‘qituvchilar uchun majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi joriy etilishi kutilmoqda. 

Litsenziyalash tartibi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda turlicha fikrlar bildirilmoqda. Bu borada saylovga tayyorgarlik ko‘rayotgan partiyalar nima deydi? Ular litsenziyalash tartibi qo‘llanishini oqlaydimi? 

Bugun, Xalqaro matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi Press-kofe muloqotida ayni masala ko‘tarildi. O‘qituvchilarni litsenziyalash tartibi bo‘yicha partiyalar vakillari o‘z munosabatini bildirishdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakilasi Munira Qahhorova litsenziyalash tartibini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. “O‘qituvchilarni litsenziyalash ta’lim sohasida korrupsiyani vujudga keltiradi. O‘qituvchilar fanga mehr berish o‘rniga faqat litsenziya olishni o‘ylab qoladi. Shu bois bizning partiya Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ilgari surilgan o‘qituvchilarni litsenziyalashga qarshi“, deydi Munira Qahhorova.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengash raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Bahrom Burhoniddinov bu borada shunday dedi: “ O‘qituvchilarni litsenziyalash, sertifikatlash qog‘ozbozlikni ko‘paytirishdan boshqa narsa emas. Ta’limdagi muammolarni bu yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Maktablararo va o‘qituvchilar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish lozim”, deydi u.

O‘qituvchilarni litsenziyalash tartibi bo‘yicha Oliy Majlis qonunchilik palatasi vakillari ham o‘z e’tirozlarini bildirdi. 

"Palata vakili aytishicha, Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni litsenziyalash haqida e’lon qilishdan oldin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi bilan kelishmagan. Shuningdek, o‘qituvchilarni litsenziyalash monopoliyani keltirib chiqarishi mumkin", deya ta’kidladi vakil.

380
O‘zA