O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Oʻqituvchi maqomi qanday boʻlishi kerak?

Oʻqituvchi maqomi qanday boʻlishi kerak?

Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2019 yilning 11 yanvarida joylashtirilgan “Oʻqituvchi maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu qonun loyihasi Oʻzbekiston “Adolat” SDPning barcha tuzilmalari, partiya faollari, deputatlar, ekspertlar tomonidan ham oʻrganildi. Toʻplangan fikr va takliflar asosida partiyaning dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda bir qator takliflar tayyorlandi. Quyida ularning ayrimlarini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Qonun loyihasining 2-moddasida mazkur qonunning qoʻllanilish sohalari sanab oʻtilgan. Taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy boʻlinmalarini ham ana shulardan biri sifatida kiritish maqsadga muvofiqdir. Maʼlumki, taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va boʻlinmalariga eng faol, salohiyatli, malakali va tajribali oʻqituvchilar jalb etiladi. Ushbu lavozimga oʻtgach, mazkur pedagoglar oʻqituvchi maqomini yoʻqotishi mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Uning tegishli imtiyozlardan cheklanishi kadrlar salohiyatining tushib ketishiga olib keladi. Shu sababdan mazkur qonun ularga ham tatbiq etilishi lozim. Shu bilan birga, ularning yana oʻqituvchilik faoliyatiga qaytish imkoniyati ham borligini nazardan chetda qoldirib boʻlmaydi.

Loyihaning 3-moddasida oʻqituvchining kasbiy faoliyatidagi huquqlari xususida soʻz boradi. Oʻqituvchining huquqlari qatoriga quyidagi jumlalar orqali “oʻzi yaratgan oʻquv qoʻllanma, monografiya va shu turdagi ilmiy yangiliklarni qonunchilikda belgilangan tartibda tijoratlashtirish va undan tushadigan mablagʻni ixtiyoriy ravishda tasarruf etish”ni ham qoʻshish joizdir.

Oʻqituvchining odob-axloq qoidalariga oid 11-moddaning tegishli bandida “Oʻqituvchilarning kiyinishiga qoʻyiladigan talablar taʼlim tashkilotlari tomonidan belgilanishi mumkin”, deb qayd etilgan. Bunda oxirgi jumla “belgilanadi” deb aniq ifodalansa, ushbu norma amalda haqiqatan ishlashi taʼminlanadi.

Qonun loyihasining 13-moddasi “Mehnatga haq toʻlash”, deb nomlangan. Oʻrindoshlik sifatida oʻtiladigan darslarning ikkinchi darajali boʻlib qolmasligi, bunday holatlarda taʼlim sifati pasayib ketishining oldini olish maqsadida ushbu modda “Oʻqituvchilarning oʻrindoshlik asosidagi faoliyatiga bazaviy tarif stavkalariga binoan 100 foiz mehnat haqi toʻlanadi”, degan meʼyor bilan toʻldirilishi lozim. Deylik, ayrim fanlar boʻyicha belgilangan dars soatlari bir oʻqituvchi uchun bir stavkaga ham toʻgʻri kelmaydi. Shuning uchun u boshqa maktabdan ham dars olishga majbur boʻladi. Bu holatda endi oʻqituvchi bir xil faoliyati uchun ikki xil haq olishiga toʻgʻri kelib qolmasligi kerak.

Loyihaning 17-moddasiga koʻra, “Davlat tomonidan har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini oʻqituvchilarga imtiyozli asoslarga koʻra ipoteka krediti sifatida berish ragʻbatlantiriladi”, deyilgan. Shu oʻrinda ushbu normani ham aniqlashtirib, yana quyidagi qoʻshimchalarni kiritish ayni muddaodir: “Davlat tomonidan har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismi oʻqituvchilarga ipoteka krediti ajratilishi orqali imtiyozli asoslarga koʻra beriladi.

Tegishli taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari yoki ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan taqdim etilgan roʻyxatga binoan 10 yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega boʻlgan va ayni vaqtda taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilarga avtotransport vositalarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Oʻqituvchi faoliyatiga nisbatan cheklovlar (20-modda) yana bir cheklov “Davlat taʼlim standartlariga nomuvofiq dars mashgʻulotlarini oʻtish”, degan jumla bilan toʻldirilsa, bu meʼyor taʼlim muassasalarida davlat taʼlim standartlariga mos ravishda dars mashgʻulotlarini tashkil etishga xizmat qilgan boʻlardi.

Oʻqituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash (22-modda) nazarda tutilgan moddaning matnini taklif qilinayotgan oʻzgartirish asosida “Davlat tomonidan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, shuningdek, taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy boʻlinmalarining pedagog mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun sharoit yaratish kafolatlanadi”, deb belgilash amaliyotda oʻz natijasini bergan boʻlardi. Yaʼni tegishli taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy boʻlinmalari pedagog mutaxassislari ayni paytda oʻqituvchi hisoblanishini inobatga olish lozim. Shuningdek, ularning taʼlim sohasidagi yoki maʼlum bir fan sohasidagi yangiliklar va islohotlardan xabardor boʻlib borishi maqsadga muvofiqdir.

Qonun loyihasining 24-moddasidagi “Oʻqituvchilar faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlari asosida attestatsiyadan oʻtkazish, ularning faoliyatini oʻrganish, baholash va boshqa shakllarda amalga oshiriladi”, deyilgan. Bu oʻrinda qoʻllanilgan “va boshqa” jumlasi, bizningcha, pedagog faoliyatini asossiz tekshirish va nazorat qilish huquqini beradi. Shuni nazarda tutib, mazkur soʻzlarni olib tashlagan maʼqul.

Oʻqituvchi faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati meʼyorlari belgilangan 25-moddaning “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan mazkur nazorat amalga oshirilishi mumkin”, degan bandi quyidagi tahrirda bayon etilishi ayni muddao sanaladi: “Oʻqituvchi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼlim muassasasida tuzilgan Kuzatuv kengashi amalga oshirishga vakolatlidir”. Chunki oʻqituvchi faoliyatiga turli darajadagi idoralar (NNT, OAV, FOʻOʻBO) tomonidan asossiz aralashuvlar taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun ota-onalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqalardan iborat tarkibda tuziladigan Kuzatuv kengashiga ushbu vakolatni berish maqsadga muvofiqdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻqituvchi maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuzasidan Oʻzbekiston “Adolat” SDP tomonidan tayyorlangan barcha takliflar vazirlikka taqdim qilindi.Oʻylaymizki, bu takliflar inobatga olinsa, qonunning mukammal boʻlishiga koʻmaklashadi.

Muhammadjon JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
markaziy apparati boʻlim boshligʻi

1 686
OʻzA