O‘zA O`zbek

23.04.2018 15:04 Chop etish versiyasi

O‘qituvchi majburiy mehnatga jalb qilinsa, Vatan taraqqiyotiga, avlodlarga xiyonat bo‘ladi...

Bugun yurtimizda ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Xalqimiz islohotlarimizga hamohang ruhda, ko‘tarinki kayfiyat bilan bu jabhadagi ishlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayniqsa, bizning Jom qishlog‘imizda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi asosida boshlangan keng miqyosli qurilish-obodonlashtirish ishlari barchamizni quvontirib yubordi.

Bu jarayonda qishlog‘imiz aholisini ko‘p yillardan bilan o‘ylantirib kelayotgan, yechimini kutayotgan muammolar hal etilmoqda. Xonadonlarning uy-joy kadastr hujjatlari tayyorlanmoqda, pensiya va nafaqa tayinlash, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar hal etilmoqda, aholi malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tib, zarur hollarda ularga beg‘araz tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda... Bularning barchasi bugungi tinch-osoyishta, farovon hayotimiz mahsuli.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza borki, buni qayta-qayta aytishni lozim topmoqdamiz. Shu paytga qadar ijtimoiy soha vakillari, xususan, o‘qituvchi va shifokorlar jamoat ishlariga majburiy jalb etib kelinardi. To‘g‘ri, xalqimiz fidoyi, mehnatkash. Hech qachon mehnatdan qochmagan, shu orqali ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tganmiz. Ammo har ishning o‘z mezoni, tartib-taomili bo‘lgani kabi majburiy mehnatga jalb qilishning ham jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri bor.

Men o‘qituvchiman. Vazifam, burchim va mas’uliyatim – yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berish. Aslo darslarni qoldirib, qo‘shni tumanlardagi paxta dalalarida hosil yig‘ish, Samarqanddan Qashqadaryoga qadar cho‘zilgan mana bu uzundan-uzoq asfalt yo‘l chetini tozalab, ko‘cha supurish emas. Agar shunday bo‘lsa, xalqimga, Vatanim taraqqiyotiga, menga umid va katta ishonch bilan qarayotgan, bilimga o‘ch yosh avlodga xiyonat qilgan bo‘laman.

Shukrki, bugun barchasi yaxshilikka o‘zgardi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan majburiy mehnatga butkul barham berilmoqda. Davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvida bu haqdagi fikrlarini eshitib, ko‘nglimiz tog‘dek yuksaldi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonovning televideniye orqali chiqishida, Bosh vazir tomonidan davlatimiz rahbarining bu topshirig‘ini bajarish va bundan keyin majburiy mehnatga, rahbar xodimlarning ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yishining oldini olishga qaratilgan yig‘ilishda aytilgan fikrlarini eshitdik.

Bugun barcha ijtimoiy soha vakillari safida biz – o‘qituvchilarning ham Prezidentimizning bu muhim ahamiyatga ega topshirig‘i to‘liq hayotiy ifodasini topishidan umidimiz katta. Viloyat, tuman va boshqa mutasaddi rahbarlar yana ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymasligiga ishonmoqdamiz.

Shoimqul Suyarov,
Samarqand viloyati Nurobod tumani
Jom qishlog‘idagi 63-umumta’lim
maktabi o‘qituvchisi.

O‘zA
2 550