Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2018 10:42 Chop etish versiyasi

O‘qishga kiritib qo‘yadigan – “Hojatbarorlar”

O‘qishga kiritib qo‘yadigan – “Hojatbarorlar”

Termiz shahridagi Bog‘ishamol mahallasida yashovchi o‘ttiz yoshdagi Jo‘lli O‘tmasov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 19 yoshdagi Vali Soriyevni Termiz davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Yaqin tanishlari orqali ijodiy imtihonlardan yaxshi baholar olib berishni va’da qiladi.

Ta’lim muassasasining ijodiy imtihonlarini o‘ta shaffof, oshkora o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini eslatib, bu xizmati uchun 4 ming dollar so‘raydi. “Hojatbaror” Jo‘lliboy V.Soriyevdan 2 ming dollarni sanab olayotgan paytda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Ayni paytda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168- va 211-moddalarining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

– Mamlakatimizda bu yilgi test sinovlarining ochiq, adolatli tashkil etilishi yuzasidan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, ayrim shaxslar o‘qish istagida bo‘lgan soddadil abituriyentlarni o‘z “qarmog‘iga” ilintirmoqchi bo‘layotgani achinarlidir, – deydi Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Bu jarayonni qat’iy nazorat qilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlari va’dani “quyuq” qilayotgan bunday shaxslarni o‘z vaqtida aniqlab, zarur choralar ko‘rmoqda. Bundan biroz avvalroq Jarqo‘rg‘on tumanidagi Dehqonobod mahallasida yashovchi 34 yoshdagi Tolib Jo‘rayev ham qo‘lga olingan edi. U Jarqo‘rg‘on tumanidagi Hayitobod mahallasidan Oyniso To‘lamurodovani Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga 3 ming 500 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishga “so‘z” bergan. Mazkur holat yuzasidan ham tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

X. Mamatrayimov, O‘zA
2 957