Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 14:12 Chop etish versiyasi

O‘n to‘rt yoshli bola “Nexia” o‘g‘irladi

Mamlakatimizda har hafta payshanba kunlari o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham shu kuni ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari korxona-tashkilot, mahalla va ta’lim muassasalarida ochiq muloqotlar o‘tkazib, huquqiy targ‘ibot ishlari olib bormoqda. Keng jamoatchilik hamkorligida uyma-uy yurib, odamlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilayotir. Ilgari ochilmay qolgan jinoyatlar fosh qilinmoqda, qidiruvda bo‘lgan shaxslar ushlanmoqda. Amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar natijasida jinoyatlar turi va soni kamayishiga erishilmoqda. Buni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan viloyatda umumiy jinoyatlar soni 400 taga kamayganida ham ko‘rish mumkin.

Biroq, ayrim ota-onalarning loqaydligi bilan ba’zi yoshlar jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgani achinarlidir. Masalan, Sho‘rchi tumanidagi “Jarqishloq” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida yashaydigan 14 yoshli bola kuppa-kunduzi “Nexia” rusumli avtomashinani o‘g‘irlab qochgani va daliliy ashyo bilan qo‘lga tushgach, otaning farzandini oqlamoqchi bo‘lganiga nima deyish mumkin?

Sho‘rchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Fazliddin kunduzi soat 13:30 lar atrofida o‘ziga tegishli “Nexia” rusumli davlat raqami 75 V 773 NA bo‘lgan avtomashinani Denov tumanidagi Sh.Rashidov ko‘chasiga qo‘yib, pult orqali qulflaydi. O‘t oldirish kalitini joyida qoldirib, yumushlarini bajarishga ketadi. Soat 16 ga yaqin qaytib qarasa, mashina yo‘q. Bu haqda zudlik bilan Denov tumani IIB navbatchilik qismiga xabar beradi. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida avtomashinani boshqargan sho‘rchilik maktab o‘quvchisi J.M. o‘rtoqlari bilan “sayr” qilib yurgani aniqlanadi. Olib qochilgan mashina ichki ishlar organi xodimlari tomonidan “Jarqishloq” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida to‘xtatilgach, ota avtoulovning olib qochilishiga o‘g‘lining aloqasi yo‘qligini isbotlashga urinadi. Lekin, qilni qirq yoradigan ichki ishlar xodimlari aksini isbotlashdi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “Nexia” qonuniy egasiga qaytarildi.

– Mahalla va ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan huquqiy targ‘ibot ishlari va uyma-uy yurib, odamlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazganda voyaga yetmagan yoshlarni nazoratsiz qoldirishning salbiy oqibatlari atroflicha tushuntirilmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish guruhi inspektori, katta leytenant Farhod Toshboyev. – Lekin, hali ham ba’zi ota-onalar bu masalaga e’tiborsizlik qilmoqda. Farzandlari noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgandan keyingi afsusdan esa foyda yo‘q.

Mutaxassislarning fikricha, xayolida o‘g‘irlikka moyillik uyg‘ongan bola bu ishni dastlab o‘z uyi yoki qo‘shni xonadondagi arzimas narsani yashirincha olishdan boshlaydi. Biroq, ayrim ota-onalar, qo‘ni-qo‘shnilar bu holatni sezsa-da, o‘zini sezmaganga oladi. Ha endi, bola-da, hali yosh. Bir kun kelib, aqli kirib qolar, deb o‘ylaydi.

– Bolada bunday xatti-harakat kuzatilishi bilan yaqin qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar yuz-xotir qilmay, tanbeh berishi, nopok yo‘ldan qaytarish choralarini ko‘rishi lozim, – deydi termizlik pedagog-psixolog A.Nurmamatov. – Bir kun kelib aqli-hushi kiradi, shu narsa uchun ham uyaltirmayin, degan o‘yga borish har doim ham yaxshilik keltiravermaydi. Afsuski, tinch-osoyishta va farovon yurtimizda ba’zi bolalarning o‘zgalar mulkiga ko‘z tikib, jinoyat ko‘chasiga kirib qolishiga ota-ona, qo‘ni-qo‘shnining e’tiborsizligi, andishaligi sabab bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, onda-sonda bo‘lsa-da, kimningdir qo‘l telefonini o‘g‘irlagan, mahalladoshining uyidan qo‘y yoki boshqa mol-mulkni o‘marib, javobgarlikka tortilgan yoshlar haqida eshitib qolsak, dilimiz og‘riydi, yuragimiz eziladi. Shunday paytlarda bugun keng jamoatchilik ishtirokida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bu kabi ko‘plab noxush voqealarning oldini olib, xotirjamligimizni ta’minlayotganiga shukrona aytamiz. Zero, xalqimizning "Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona", degan hikmatida chuqur ma’no bor.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 275






Все о погоде - Pogoda.uz