O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻmon Sultonligi koʻrgazmasi: eksponatlar hayratlanarli

Oʻmon Sultonligi koʻrgazmasi: eksponatlar hayratlanarli

Oʻmon Sultonligining diniy bagʻrikenglik, birdamlik va totuvlik gʻoyalarini targʻib qiluvchi oʻziga xos koʻrgazmasi fotosuratlar, arab xattotligi va soya sanʼati, qum animatsiyasi kabi qator boʻlimlardan iborat boʻlib, u anʼanaviy tarzda dunyo shaharlari boʻylab namoyish etib kelinadi. Ushbu koʻrgazmaga bu gal Toshkent mezbonlik qilmoqda.

21-oktyabr kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bagʻrikenglik, oʻzaro anglashuv, birdamlik va totuvlik: Oʻmon islom risolasi” nomli mazkur koʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻmon Sultonligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad bin Said al-Kasiriy soʻzga chiqib, davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik xalqlarimizning tarixiy aloqalari, madaniy va maʼnaviy mushtarakligi asosiga qurilganini taʼkidladi. Bugungi kunda koʻplab sohalar qatori madaniy-gumanitar, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ham oʻzaro aloqalar rivojlanmoqda.

Elchi oʻz soʻzida oʻzbekistonlik yoshlar uchun Oʻmon Sultonligining yangi taʼlim granti ochilganini maʼlum qildi. Unda gʻolib boʻlgan talabalar Oʻmon oliy taʼlim muassasalarida arab tili boʻyicha saboq olish imkoniga ega boʻladi.

Oʻmon Sultonligining vaqf va din ishlari vaziri maslahatchisi, Muhammad bin Said al-Meʼmariy koʻrgazmaning mazmun va mohiyatiga toʻxtaldi.

– Bugungi kungacha “Bagʻrikenglik, oʻzaro anglashuv, birdamlik va totuvlik: Oʻmon islom risolasi” koʻrgazmasi dunyoning 37 mamlakatida namoyish etilgan, – dedi vazir maslahatchisi. – Navbatdagi manzil sifatida Oʻzbekistonning tanlangani mamlakatingizning turli tamaddunlar va madaniyatlar bilan muloqot qilish sohasida erishgan yutuqlariga ehtirom belgisidir.

Oʻmon Sultonligi koʻrgazmasida namoyish etilayotgan eksponatlar oʻz tilsimoti, falsafiy maʼnolari bilan kishi tafakkurini hayratga solmay qoʻymaydi. Koʻrgazmaning arab xattotligi va soyalar sanʼati boʻlimi bunga misol.

Arab imlosida yozilgan “Ey Alloh“ kalomidan tushayotgan soyada duoga qoʻl ochgan ayol timsoli koʻzga tashlansa, “Subhana robbial ala“ soʻzlari soyasida sajdaga bosh qoʻygan inson shamoyili mujassam. Eng hayratlanarlisi, Qurʼoni Karimning “Isro“ surasidagi 24-oyat (“Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahmdan qilgin“ deb ayt) keltirilgan soʻzlardan hosil boʻlgan soyalar. Ularda goʻdagiga parvona ota-ona tasviri koʻrinadi.

Koʻrgazmaning qum bilan rasm chizish boʻlimi ham gʻoyat qiziqarli. Oʻmonlik qum animatsiyasi ustasining shu yerning oʻzida yengil harakatlar bilan yaratayotgan oʻnlab manzarali tasvirlari soniya sayin oʻzgara borib, soʻng kaftdagi Yer shari va undagi tinchlik kabutari timsoli bilan yakunlanadi.

Koʻrgazmadan oʻrin olgan kitoblar, foto suratlar esa Oʻmon Sultonligi madaniyatidan soʻzlaydi.

Oʻmon Sultonligining mamlakatimizdagi elchixonasi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu koʻrgazma 25-oktyabrga qadar davom etadi. Koʻrgazma doirasida yoshlar oʻrtasida bagʻrikenglik mavzusida koʻrik-tanlov oʻtkazish rejalashtirilgan.

603
Malohat HUSANOVA, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA