Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 18:58 Chop etish versiyasi

O‘ksik ko‘ngillarni shod etib....

O‘ksik ko‘ngillarni shod etib.... Qarindosh-urug‘ning achchiq-chuchuk gapini eshitishu, uy egasining qovoq-tumshug‘iga qarab yashashning qanchalik og‘irligini Oybahor Jo‘raqulova yaxshi biladi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgach, qo‘lidagi go‘dagi bilan ko‘chada qolgan yosh juvon ota uyiga ham sig‘madi. Keyin goh u, goh bu qarindoshinikida bir hafta-o‘n kun yashab yurdi. O‘g‘li katta bo‘lgani sayin amakiyu tog‘a, ammayu xolalarning uyi eshigi ham ular uchun qattiq yopiladigan bo‘lib qoldi. Qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y ikki xonali bo‘lsa-da, uy solib berishning ilojini topolmadi.

– Uyma-uy sarson yurish, yaqinlarimning achchiq gaplari jonimdan o‘tib ketdi, – deydi Urgut tumanida yashovchi O.Jo‘raqulova. – Shu yil qishda tumanimizdagi Xalq qabulxonasiga yordam so‘rab bordim. O‘sha yerda hali dardimni aytmay turib, holsizlanib yiqildim. Ko‘zimni ochsam, tuman markaziy shifoxonasida yotibman. O‘zim qanday holatdaman bilmaymanu, bolamni o‘ylayman. Sardorjonim yetim qolmasin, kun ko‘rmay yoshligi xazon bo‘lmasin, deb ko‘zimdan yosh tinmaydi. Tumanimiz hokimi va boshqa rahbarlar holimdan xabar olib turishdi, zarur yordam ko‘rsatishdi. Baraka topishsin. Bir kuni tuman hokimi kelib, “Opa, o‘zingiz va bolangizning sog‘lig‘ini o‘ylang, nasib etsa, uy ham qurib beramiz”, deganida ko‘nglimda umid uchquni paydo bo‘ldi, yashashga ishtiyoqim oshdi. Mana, oradan 6-7 oy o‘tib, Mergancha mahallasidan uch xonali uy berishdi. Hokimlik va homiylar uyni jihozlab, ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qilishdi. Bugun yangi uyimizda hovli to‘yi va o‘g‘limning sunnat to‘yini birga nishonladik. Mahalla yaqinidagi tikuvchilik sexiga ishga joylashdim va endi uyning qolgan to‘lovlarini to‘lashga o‘zimda imkoniyat bo‘ladi. Bizning boshimizni silab, ushalmas orzuimizni amalga oshirgan Prezidentimizdan, hukumatimizdan behad minnatdormiz.

Samarqand viloyatida uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan 37 nafar fuqaroga O‘zbekiston Prezidentining sovg‘asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarni tantanali topshirish marosimida aytilgan bunday dil izhorlarining har birida odamlarning bir necha yillik orzu-armonlari ro‘yobidan baxtiyorlik, yorug‘ kunlarga ishonch va shukronalik mujassam.

Kuchli ijtimoiy himoya, kam ta’minlangan oilalar va imkoniyati cheklangan kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda ushbu strategiyani Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga doir Davlat dasturida ham bu borada muhim vazifalar belgilangan.

Shundan kelib chiqib, joriy yilda uy-joyga ehtiyojmand, imkoniyati cheklangan 21 nafar xotin-qizga “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand viloyati hududiy filiali tomonidan tikuv mashinalari berilib, ular kasanachi sifatida ish bilan ta’minlangan edi. Ayni paytda ularning har biriga yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga uy-joy so‘rab murojaat qilgan imkoniyati cheklangan, ehtiyojmand oilalarga yordam berish maqsadida Samarqand viloyati bo‘yicha 16 fuqaroga ikki-uch xonali uylarning boshlang‘ich to‘lovi davlatimiz tomonidan to‘lab berildi.

– 2008-yilda yo‘l-transport hodisasi natijasida turmush o‘rtog‘im vafot etgach, ikki bola bilan yolg‘iz qoldim, – deydi Narpay tumani Narpay mahallasida yashovchi Umida Ergasheva. – Erimning uy-joyi bo‘lmagani uchun otamning uyiga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgandim. Lekin to‘rt xo‘jalikning bitta tor hovlida yashashi og‘ir ekan. Har tongda bir tilakni aytaman – ishqilib bugun tinchgina, janjalsiz o‘tsin-da. Oxiri Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Hokimlik, mahalla sharoitimizni o‘rganib, o‘z xulosasini berdi. Uch xonali uyning boshlang‘ich to‘lovi bizga Prezidentimizning yordamlari bo‘ldi. Qolgan qismini o‘zim ish haqim hisobidan to‘lab boraman. Xudoga shukr, bugun barcha sharoitga ega uyga ko‘chib o‘tdik. Barchamizning, ayniqsa, bolalarimning quvonchi cheksiz. “Prezidentimiz sovg‘a qilgan uy bu”, deya qarab ko‘zimiz to‘ymaydi. Eng muhimi, o‘z uyimizda xotirjammiz. Qizim va o‘g‘lim ham maktabga boradi. O‘qish bilan birga sport to‘garaklariga qatnaydi. Ularni Vatanimizga munosib insonlar etib tarbiyalashga va’da beraman.

Viloyatda o‘tkazilgan mehr-muruvvat tadbirlari doirasida 700 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj qishilarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi va boshqa vositalar berildi.

– O‘n olti yildan beri poliartrit xastaligidan aziyat chekaman, – deydi Pastdarg‘om tumanida yashovchi M.Otajonova. – Harakat qilish yildan-yilga og‘ir bo‘lib bormoqda. Nogironlik aravachasiga ehtiyojim bor edi. Bugun Samarqand shahriga taklif etishganda bu moslamani topshirishlari xayolimga ham kelmagan edi. Rahbarlar, viloyat jamoatchiligi vakillarining tabriklagani, dasturxon yozib, hol-ahvol so‘raganidan boshim ko‘kka yetdi. Ilohim, xalqparvar Prezidentimiz omon bo‘lsin!

Samarqand shahridagi Saxovat uyida yashayotgan kishilar holidan ham xabar olindi. Ular uchun dasturxon yozilib, kiyim-kechak va boshqa esdalik sovg‘alari berildi. Muassasada istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy muzlatkich va konditsionerlar sovg‘a qilindi. Samarqandlik taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirlarda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 004






Все о погоде - Pogoda.uz