Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.07.2018 21:08 Chop etish versiyasi

O‘ksik farzandlarning dardini kim eshitadi?

Muayyan sabablar tufayli ajrashgan oilada ham baribirhayot davom etaveradi. Ota-ona o‘z aravasini ayro tortishi mumkin. Biroq orada voyaga yetmagan, hali haq-huquqini bilmagan, kattalarning muhofazasiga muhtoj farzandlar bo‘lsa-chi? Ularning ota yo ona mehridan mosuvo, yarim ko‘nglini to‘ldirish qiyin, albatta. Bunday bolalar voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qo‘yganicha bo‘lgan davrdagi qonuniy haqqi – alimentdan ham bebahra qolsa, ularning dardini kim eshitadi? Huquqlarini kim himoya qiladi?

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oila muhitining farzand tarbiyasiga ta’siri: ajralishlar tahlili va bolalar taqdiri” mavzuidagi davra suhbatida ayni shu masala muhokama qilindi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarga soya solayotgan mazkur masala xususida so‘z yuritar ekan, birinchi navbatda, yosh oilalarda arzimas muammolar yuzasidan kelib chiqadigan tushunmovchiliklar tufayli ajralishlar ko‘payayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aliment bo‘yicha qarzdorlarga nisbatan 3,7 ming ish ko‘rilgan. Aliment to‘lamayotgan 2,3 mingdan ziyod fuqaroga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. 180 ming qarzdor fuqaroning doimiy daromad manbaiga ega emasligi tufayli aliment to‘lay olmayotgani aniqlangan.

Davra suhbatida ajrashgan oilalar vakillarining iqtisodiy ahvoli, farzandlari uchun aliment undirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Amaldagi qonunchilikda bu borada belgilangan normalarning mohiyati, huquqni qo‘llash amaliyoti atroflicha tahlil etildi.

Tadbirda fraksiya a’zolari “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish taklifini ilgari surdi. Xususan, aliment olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga yetmaganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamg‘arma tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, mazkur jamg‘arma tomonidan to‘langan mablag‘lar qarzdor tomonidan majburiy tartibda undirib olinishi, bu yo‘nalishda samarali mexanizmni yuzaga keltirish imkoni mavjud ekani qayd etildi.

Qator xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, bu borada qarzdorlarni transport vositalarini boshqarish huquqidan vaqtincha mahrum qilish amaliyotini joriy etish taklifi ham ilgari surildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 272