Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.03.2017 16:56 Chop etish versiyasi

Surxondaryo viloyatida askarlar qasamyod qabul qildi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun kelgan askarlarning tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda ofitser va serjantlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.

Podpolkovnik V.Dadajonov, “Nuroniy” jamg‘armasi Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi raisi S.Asatullayev, askar onasi M.Madumarova va boshqalar zamonaviy qurol-yarog‘, texnika bilan jihozlangan milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish, mamlakatimiz tinchligini ta’minlash, farovon hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrash yoshlarimiz uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yuksak shon-sharaf ishiga aylanganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizning janubiy sarhadlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun kelgan ana shunday o‘g‘lonlardan biri Anvar Abdunabiyev Toshkent viloyatining Piskent tumanidan. Yoshligidan harbiy libos kiyishni orzu qilgan Anvar o‘qib, izlanib, ma’naviy-jismoniy chiniqdi. Piskent maishiy xizmat va tadbirkorlik kasb-hunar kollejini tugatib, muddatli harbiy xizmatga tayyorgarlik ko‘rdi. Uning askarlar hayotidagi eng sharafli voqea – tantanali harbiy qasamyod qabul qilish marosimida ishtirok etgan ota-onasining quvonchi cheksiz.

– Konstitutsiyaviy burchimni o‘tab bo‘lgach, oliy harbiy ta’lim muassasalaridan birida o‘qib, Vatanimiz tinchligi, oilalarimiz osoyishtaligi yo‘lida xizmatni davom ettirmoqchiman, – deydi A.Abdunabiyev. – Bugun qabul qilgan harbiy qasamyodimga bir umr sodiq qolaman.

Harbiy qismda askarlarning o‘z burchini yuksak darajada o‘tashi uchun zarur qulaylik yaratilgan. Boy kitob fondiga ega kutubxona, sport maydonchalari, sport zali askarlar ixtiyorida. O‘quv-taktik mashg‘ulotlar zamonaviy usulda amalga oshiriladi.

– O‘g‘lim kelajakda mohir tarjimon bo‘lishni orzu qiladi, – deydi Andijon viloyatining Bo‘z tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Shohruhbek Qodirovning otasi Zuhriddin Tojiboyev. – Shu maqsadda ingliz tilini o‘rgandi. Vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi va farzandlarimiz kamoloti yo‘lida cheksiz g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tadbirda askarlarni jasoratga undovchi she’rlar o‘qildi. Tinchlik, Vatan va obod turmushni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 445






Все о погоде - Pogoda.uz