Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 16:14 Chop etish versiyasi

O‘g‘lim bilan faxrlanaman

Konstitutsiyamizning 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.

Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Sarimoy massivida yashovchi Sayyora opa Rajabovaga tuman xotin-qizlar qo‘mitasidan qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent viloyati Chirchiq tumanida harbiy xizmatni o‘tayotgan o‘g‘li Zokirjon ko‘rsatgan faolligi sababli uni viloyat markazida askar onalari uchun yoziladigan bayram dasturxoniga taklif qilishganida "Ishonchimni oqlayotgan o‘g‘ilginamdan aylanay", deb qo‘ydi pichirlab. Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Askar onalarini sharaflaymiz!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda o‘g‘li haqida maqtovlar eshitganida ona quvonchdan ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Viloyat hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir-yozuvchilar, san’atkorlar, harbiy xizmatchilar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning ota-onalari, do‘stlari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi S.Abdukarimova va boshqalar mamlakatimiz suvereniteti va chegaralarimiz daxlsizligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamizda harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga barcha sharoit yaratib berilganini ta’kidladi. Bu yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash va xalqimiz farovonligini oshirishda yuksak samaralar bermoqda.

– O‘g‘lim vatanparvar bo‘lib ulg‘ayganidan faxrlanaman, – deydi urganchlik Nilufar G‘oyipova. – Hech bir ona o‘z farzandi yomon bo‘lishini istamaydi. Ammo farzandga to‘g‘ri tarbiya berish ham ota-onadan katta mas’uliyat talab etadi. Bugungi tadbir yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy armiyamizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda askar onalariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. 

A.Shokirov, O‘zA
6 907