O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Nurulloh Oltoy: Zamonaviy o‘zbek adabiyotida ruscha so‘zlar ko‘p ishlatilganligi bois Afg‘onistondagi o‘zbeklar tushunmayapti

Nurulloh Oltoy: Zamonaviy o‘zbek adabiyotida ruscha so‘zlar ko‘p ishlatilganligi bois Afg‘onistondagi o‘zbeklar tushunmayapti

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga afg‘onistonlik 20 nafar o‘zbek delegatsiyasi keldi. Shoir-yozuvchilar, navoiyshuos va boburshunoslardan iborat delegatsiya a’zolari mamlakatimizdagi adabiy jarayon, so‘z san’ati ravnaqi yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan tanishdi. 

Uchrashuv g‘oyat samimiy, do‘stona ruhda, yana ham aniqrog‘i gurung tarzida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid mehmonlarga yurtimizda adabiyot rivoji yo‘lida Prezidentimiz tomonidan izchillik bilan amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida so‘zlab berdi. Milliy so‘z san’atimizni, ma’naviyat va ma’rifatni, ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, adabiyot zahmatkashlari uchun rag‘bat va e’tibor ko‘rsatish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash borasidagi ezgu sa’y-harakatlar afg‘onistonlik o‘zbek ziyolilarida katta taassurot qoldirdi. 

Ta’kidlash joizki, afg‘onistonlik mehmonlar shu kunlarda Alisher Navoiy va Bobur tavalludi munosabati bilan yurtimizda bo‘lib turibdi. Ular bobokalonlarimizning ijodiga bag‘ishlangan anjumanlar, davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy muloqotlarda ishtirok etmoqda. 

– O‘zbekistonda buyuk mutafakkirlarning ijodiy merosiga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatilishi diqqatga sazovor, – dedi afg‘onistonlik shoir G‘ulomsaxiy Vakilzoda. – Biz ikki davlat ijodkor ziyolilari o‘rtasidagi ma’rifiy hamkorlik yanada mustahkamlanishini istaymiz. 

Suhbatlardan ma’lum bo‘ldiki, hukumat bilan uzoq muzokaralardan so‘ng, 21 oktabr – Afg‘onistonda “O‘zbek tili kuni” deb belgilanibdi.

Afg‘onistonliklar XX asr o‘zbek adabiyoti asarlarini arab imlosiga asoslangan o‘z alifbosiga o‘girib, nashr qilishni rejalashtirgan. Ushbu mamlakatdagi Juzjon bilim yurti domlasi Nurulloh Oltoyning aytishicha, zamonaviy o‘zbek adabiyotiga ruscha so‘zlar ayovsiz ravishda, cheklanmagan miqdorda kirib kelgan. Afg‘onistondagi o‘zbeklar esa bu so‘zlarni tushunmaydi.

– Masalan, Tog‘ay Murod asarlarida bunday so‘zlar talaygina. Imloni o‘girish jarayonida ruscha so‘zlarni o‘zbek tiliga tarjima qilsak, mualliflik huquqini buzib qo‘ymasmikinmiz, – deydi u xavotirlanib.

Darhaqiqat, afg‘on yurtining ijodkor ziyolilari mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikka, taraqqiyot, farovonlik va to‘kinlikka yo‘naltirilgan islohotlarga havas qilgani shubhasiz. O‘z navbatida, afg‘onistonlik millatdoshlarimizning o‘z ona tili – o‘zbek tiliga chuqur hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi, uni asrab-avaylashi, bu tilda g‘oyat sof va ravon, mukammal so‘zlashi tahsinga loyiq.

Uchrashuv so‘nggida mehmonlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan nashr etilgan Abdulla Qodiriy, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupovning “Saylanma” kitoblari sovg‘a qilindi. Ularga esdalik uchun milliy to‘n va do‘ppi kiydirildi.

Mehmonlar ham uyushma jamoasiga sovg‘alar topshirdi. Ular sovg‘asi orasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning arab imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosidagi “Yulduzli tunlar” kitobi ham bor ekan. Bu kabi muloqotlar adabiy jarayonning boyishida va rang-baranglashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. 

1 637
N.USMONOVA, O‘zA