O‘zA O`zbek

21.08.2018 09:27 Chop etish versiyasi

Nuroniylar gurungida bayram mavzusi

Nuroniylar gurungida bayram mavzusi “Nuroniy” jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Nuroniylar maskani” har kuni ko‘pni ko‘rgan qariyalar bilan gavjum. Bu yerda eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar ahamiyatiga bag‘ishlangan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida jamg‘arma bo‘limlarining moddiy bazasi mustahkamlandi. Jamg‘armaning viloyatlardagi bo‘limlari qoshida “Nuroniylar maskani” tashkil etildi. Bu yerda faxriylarning faolligini oshirish, yoshlar bilan tez-tez uchrashib, boy hayotiy tajriba va bilimini jamiyat ravnaqi yo‘lida sarflashiga keng imkoniyat yaratildi.

Kapital rekonstruksiya qilingan “Nuroniylar maskani“ 6 xona va 80 o‘rinli faollar zalidan iborat. O‘zbekiston Respublikasining Davlat ramzlari, Prezidentimizning nuroniylar bilan uchrashuvlari, viloyatning faol faxriylari hamda jamg‘arma faoliyatiga doir huquqiy hujjatlar aks ettirilgan stendlar bilan jihozlangan maskanning tashqi ko‘rinishiyoq odamda havas uyg‘otadi. Maskan hududiga mevali, manzarali daraxtlar, turfa gullar ekilgan.

Maskandagi 500 dan ortiq kitob fondiga ega kutubxonada faxriylar badiiy, siyosiy adabiyotlar, markaziy gazeta va jurnallar, shuningdek, viloyat nashrlarining yangi sonlarini o‘qishi mumkin.

“Nuroniylar maskani” viloyatdagi “Xotira xiyoboni” yonida barpo etilgani bu yerga keluvchilarni ko‘paytirmoqda. Bugun bu yerga kimdir xotira yodgorligini ziyorat qilish, kimdir ko‘pni ko‘rgan qariyaning maslahatini olish, suhbatidan bahramand bo‘lish, boshqasi esa kutubxonadan kitob olish uchun kelmoqda.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 6 ta milliy madaniy markazning “Do‘stlik uyi” ham shu maskan yonida joylashgan. Bu millatlararo totuvlik va hamjihatlik, diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbirlarni hamkorlikda tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yilning o‘tgan davrida maskanda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat, shahar va tuman bo‘limlari, mahallalar fuqarolar yig‘ini raislarining yoshlar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, maslahatchilari ishtirokida amaliy seminarlar o‘tkazildi. “Keksalarning ijtimoiy himoyasida jamoat tashkilotlarining o‘rni” mavzusida davra suhbati, “Kitob haqida xitob” nomli kitobxonlik tadbirlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, faxriylarning dam olishi uchun yozgi pavilon mavjud. Ayni paytda bu yerda shaxmat-shashka to‘garagi faoliyat ko‘rsatayotir. Shaxmat to‘garagi ishtirokchilari tashabbusi bilan faxriylar va yoshlar ishtirokida shaxmat bo‘yicha “Avlodlar bellashuvi” musobaqasi o‘tkazildi.

Maskan hududidagi 60 o‘rinli choyxonada keksalarning dasturxon atrofida gurunglashib, dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu davrada bo‘layotgan suhbatlarga quloq tutsangiz, katta hayot tajribasiga ega nuroniylarning mulohazalaridan o‘ziga xos saboq olasiz. Bu suhbatlar, hayotiy maslahatlar asnosida qaysidir notinch oilaga osoyishtalik kirib bormoqda, to‘y-hashamlar kamxarj o‘tishiga hissa qo‘shilmoqda.

Maskan faoliyatini “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi maslahatchisi Bahrom Jo‘rayev jamoatchilik asosida boshqarib kelayotir. 110 nafar faxriy va 40 dan ziyod yoshlar doimiy faollar hisoblanadi.

“Nuroniylar maskani” faoliyatining yil boshida ishlab chiqilgan ish rejasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga alohida o‘rin berilgan. Ayni kunlarda tadbirlar rejasida belgilangan yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mavzusida urush qatnashchilari, front orti va mehnat faxriylarining yoshlar bilan uchrashuvlari, davra suhbatlari o‘tqazilmoqda.

– Davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan bu yerda barcha sharoit yaratilgan, – deydi Bahrom Jo‘rayev. – Zamonaviy kompyuter jamlanmalari, aloqa vositalari, stol-stul, gilam-poyondoz bilan to‘liq ta’minlangan maskan ayniqsa, Mustaqillik bayrami arafasida rostakamiga ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylandi.

Viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Nuroniylar maskani” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borilayotir. Ayni paytda barcha tumanlarda maskanlar u

chun zamonaviy binolar qurish maqsadida yer uchastkalari ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan. Yaqinda Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlarida kapital rekonstruksiya qilingan binolarda ana shunday maskanlar foydalanishga topshirildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
4 227