O‘zA O`zbek

20.08.2018 15:59 Chop etish versiyasi

Nuriymon Abulhasan Ka’batulloh kalitdorlari bo‘lgan Usmon Ibn Tolha avlodlarining uyida mehmon bo‘ldi

Nuriymon Abulhasan Ka’batulloh kalitdorlari bo‘lgan Usmon Ibn Tolha avlodlarining uyida mehmon bo‘ldi
Nuriymon Abulhasan Makkada Kaaba kalitdori (hojibi) sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlari bilan uchrashdi.

Tarixdan ma’lumki, Ibrohim alayhissalom Ka’bani qurganidan keyin, uning nazoratini o‘g‘illari Ismoil alayhissalomga topshirdi. Ka’baning kaliti dastlab Ismoil alayhissalom, so‘ngra ularning avlodlarida bo‘ldi. Keyinroq kalitni Ismoil alayhissalom avlodlaridan Yamanning Jurhum qabilasi, so‘ngra Jurhumdan Xuzoa qabilasi tortib oldi. Bundan 16 asr oldin Qusay ibn Kilob Xuzoa qabilasi ustidan g‘alaba qozonib, kalitni Qurayshga – Ismoil avlodlariga qaytardi.

Rasululloh (s.a.v) nasablari quyidagicha: Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttolib ibn Hashim ibn Abdul Manaf ibn Qusay ibn Kilob. Binobarin, Qusay ibn Kilob Rasulullohning (s.a.v) 4-bobolari hisoblanadi.

Qusay ibn Kilob o‘limidan oldin Ka’ba hojibligi (kalitdorlik) katta o‘g‘il Abduddorga meros qoldi. Shu bilan Ka’ba hojibligi payg‘ambarimiz (s.a.v) Makkani fath qilib, islom nurini muqaddas diyorga qaytargunlaricha Qurayshning Bani Abduddor oilasida bo‘ldi. Bu oilaning rahbari Usmon ibn Tolha Makka fathidan oldinroq Xolid ibn Valid bilan hijrat qilib, islomga kirgan edilar. Makka fath etilgan kuni rasululloh Usmon ibn Abu Tolhani oldilariga chorlab: “Ey Abu Tolha o‘g‘illari, hojiblikni – kalitdorlikni avloddan-avlodga abadiy meros o‘laroq olinglar, uni sizlardan faqat zolimgina tortib oladi” dedilar. Shunday qilib, Ka’ba kalitdorligi ba’zi qisqa uzilishlarni hisobga olmaganda 1 ming 400 yil davomida Usmon ibn Tolha avlodlari qo‘llarida saqlanadi.

photo5463036527945820722.jpg

Kuni kecha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan Ka’batulloh kalitdorlari bo‘lgan Usmon Ibn Tolha avlodlarining uyida mehmon bo‘ldi.

Buyuk sahobiy avlodlari uy muzeyida Ka’batullohning qadimgi va bugungi kundagi kalitlari, turli asrlardan saqlanib qolgan ka’bapo‘sh parchalari, Ka’bani ta’mirlash vaqtida uning ostidan topilgan qadimiy, tarixiy ashyolar, yozuvlar va xazinalar saqlanar ekan.

Muborak oila vakillari bilan uchrashuv ilmiy mazmunga va taassurotlarga boy o‘tdi. Unda sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlari Imom Buxoriy yurtini ziyorat qilish va Hazrati Imom majmuasidagi Usmon mus’hafini ko‘rish orzusida ekanliklarini bildirdi.

photo5463036527945820721.jpg

Hojilarimiz Haj ibodatlarini chiroyli ado qilib, yurtimizga sog‘-salomat qaytishi, din va xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini tilab duolar qildi.

Nuriymon Abulhasan sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlarini Vatanimizga taklif qildi va navbatdagi uchrashuv yaqin kelajakda O‘zbekistonda bo‘lishiga kelishib olishdi.

Sahobiy avlodlari O‘zbekiston delegatsiyasini muqaddas Ka’batullohga kirish va uni yuvish marosimiga taklif etdi. Bu sharafli an’ana Haj yakunida Saudiya Podshohi ishtirokida o‘tkazilib, faqat martabali mehmonlargagina nasib etadi. Mazkur marosimga Markaziy Osiyodan faqat O‘zbekiston “Haj-2018” ishchi guruhi rahbari taklif etilgani mamlakatimizga va hojilarimizga bo‘lgan cheksiz hurmatdan dalolatdir.

O‘zA
3 002