O‘zA O`zbek

11.07.2019 19:31 Chop etish versiyasi

Nurafshonda Toshkent viloyat Adliya boshqarmasining yangi maʼmuriy binosi ochildi

Nurafshonda Toshkent viloyat Adliya boshqarmasining yangi maʼmuriy binosi ochildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 5-yanvardagi xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatda faoliyat yurituvchi idora va tashkilotlar masʼullariga tez fursatda viloyatning yangi markazi – Nurafshon shahriga maʼmuriy binolarni koʻchirish haqida topshiriq bergan edi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida bugungi kunda Nurafshon shahrida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. “Toshkent yoʻli” koʻchasi kengaytirilib, bir qavatli eski imoratlar oʻrnida koʻp qavatli uylar, ofislar, savdo va xizmat koʻrsatish shahobchalari qurilmoqda. Joriy yil oxiriga qadar idora va tashkilotlarning yana 9 ta maʼmuriy binolari foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.

11-iyul kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyat adliya boshqarmasining yangi maʼmuriy binosini ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi v.b. R.Xolmatov, Adliya vaziri R.Davletov, viloyat adliya idoralarining rahbar xodimlari hamda viloyat faollari ishtirok etdi.

Bino qisqa muddatda, Nurafshon shahrida birinchilardan boʻlib koʻrkam va zamonaviy koʻrinishda qad rosladi. Bino olti qavatdan iborat boʻlib, unda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi bilan birgalikda Nurafshon shahar adliya boʻlimi hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida ikkita Davlat notarial idorasi, Notarial va FHDYO arxivlari joylashgan.

Eng muhimi, zamonaviy qiyofa kasb etgan ushbu koshona Nurafshon shahriga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib, viloyat va shaharga tashrif buyurgan mehmonlarning eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.

OʻzA
1 011