O‘zA O`zbek

09.08.2019 15:35 Chop etish versiyasi

“Nurafshon” texnopolisi xitoyliklar bilan hamkorlikda tashkil etiladi

“Nurafshon” texnopolisi xitoyliklar bilan hamkorlikda tashkil etiladi

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida shahar hokimligi va Xitoy Xalq Respublikasining “Tianjin Kaiteng Investment group” kompaniyasi vakillari oʻrtasida muzokara boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda shahar hududida “Nurafshon” texnopolisini barpo etish, xususan texnopolisda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, investitsiya, qurilish-taʼmirlash masalasi muhokama qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qilmoqda.

Texnopolis ikki bosqichda ishga tushiriladi. 2019-2020-yillarga moʻljallangan birinchi bosqichda qurilish metall konstruksiyalari, yangi avlod issiqlik izolyatsiyasi, payvandlash elektrodlari, gul qogʻozlar va yuqori aniqlikda quyish asosida buyumlar ishlab chiqarish zavodlari hamda yirik panalli uy qurish kombinatini barpo etish, qurilish materiallarini sertifikatlashtirish laboratoriyasi va Xitoyning “Anhui Shuiʼan Engineering Group” loyiha institutining filialini tashkil etish kabi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihalarni hayotga tatbiq etishga 30 million dollar investitsiya kiritiladi. Birinchi bosqich loyihalar toʻliq amalga oshgach, 350 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. 2021-2024-yillarga moʻljallangan ikkinchi bosqichda esa 12 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun 200 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib, 2 ming ta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Xitoyning “Tianjin Kaiteng Investment group” kompaniyasi vakillari ayni paytda texnopolis tashkil etilishi rejalashtirilgan hudud bilan tanishmoqda.

Avazbek XUDOYQULOV, OʻzA
4 630