O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Nukusda xalqaro ekologik marafon oʻtkazildi

Nukusda xalqaro ekologik marafon oʻtkazildi

Nukusda “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida “ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafon boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qoʻllab-quvvatlashi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Yengil atletika federatsiyasi, Milliy gvardiya va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlaridan, mehnat jamoalaridan ikki ming nafarga yaqin yosh ishtirok etdi.

Haftalik marafonini tashkil etishdan maqsad, yoshlar oʻrtasida ekologik tarbiyani, jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilishdan iborat. Shuningdek, aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilishda yuzaga kelgan ekologik muammolarni bartaraf etishda ularni yanada jipslashtirish boʻlib hisoblanadi.

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolboʻyida, shu jumladan, Moʻynoq tumanida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga sportchilarimiz ham oʻz hissalarini qoʻshishni maqsad qilgan, – deydi Oʻzbekiston Yengil atletika federatsiyasi boʻlim boshligʻi, milliy toifadagi hakam Hasanboy Ortiqov. – 17-oktyabr kuni Toshkent shahrida start berilgan marafon Samarqand, Buxoro, Urganch shaharlarida, bugun esa Nukus shahrida yuqori saviyada tashkil etildi. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar tomonidan joylarda targʻibot tadbirlari amalga oshirilib, konsert dasturlari namoyish etiladi.

Marafon yakunida oʻgʻil bolalar oʻrtasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Quvvatjon Abdimuratov, qizlar oʻrtasida Nukus Olimpiya zaxiralari kolleji oʻquvchisi Asaloy Jumaboyeva marraga birinchi boʻlib keldi.

Gʻolib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Ekomarafon ertaga Moʻynoq tumanida boʻlib oʻtadi.

603
Dovud HABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA