O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Nukusda “Armiyada bir kunim” aksiyasi oʻtkazildi

Nukusda “Armiyada bir kunim” aksiyasi oʻtkazildi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida oʻquvchi-yoshlar hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Temur tuzuklari bilimdoni” viktorinasi oʻtkazildi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Sogʻindiq Turmonov, SHGʻHO qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari Iskandar Mallayev, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda 350 nafarga yaqin oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida oʻtkazilgan tadbirlar davomida Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk tarixiy shaxslar hayoti va ijodiga bagʻishlangan viktorina, timbilding deb nomlanuvchi noanʼanaviy jamoaviy oʻyinlar, harbiy qism Yoshlar ittifoqi yetakchilari bilan oʻquv treninglar, qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Chirchiq shahridagi harbiy qismlardan birida esa Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻqituvchilari ishtirokida harbiy xizmatchilar hamda ularning farzandlari uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Bolajonlarga ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan ulkan maʼnaviy meroslar haqida maʼlumotlar berildi.

Bundan tashqari, SHGʻHO qoʻmondonligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida “Armiyada bir kunim” nomli aksiya oʻtkazildi.

Profilaktik hisobida turuvchi va tarbiyasi ogʻir boʻlgan 40 ga yaqin yoshlar harbiy qismdagi askarlar vzvodi safiga qoʻshilib, bir kun davomida belgilangan nazariy va amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etdi.

Ertalabki badantarbiya, koʻrik, nonushta, jangovar tayyorgarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, kitobxonlik tanlovlari harbiy qismga tashrif buyurgan yoshlarni befarq qoldirmadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

1 203
OʻzA