O‘zA O`zbek

29.08.2018 20:53 Chop etish versiyasi

Nukusda 42 oila bepul uy-joy bilantaʼminlandi

Nukusda 42 oila bepul uy-joy bilantaʼminlandi Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Nukus shahrida kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan 42 oilaga uy-joylar kaliti bepul topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mahalliy hokimiyat va jamoat tashkilotlari vakillari, xonadon sohiblari va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

– Uy-joy sifatida foydalanishga topshirilgan mazkur bino avval Nukus xalqaro aeroportining mehmonxonasi boʻlgan, – deydi Nukus shahar hokimi Paraxat Toreshov. – Inshoot koʻp yillardan buyon qarovsiz qolgan edi. Bu yerda keng koʻlamli qayta qurish va taʼmirlash ishlari olib borildi. Yashash uchun barcha sharoit yaratildi. Kam taʼminlangan, nogiron yoki boquvchisini yoʻqotgan, uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolarga yordam tariqasida bepul berildi. Yangi uylarga ega boʻlgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati Nukus shahar hokimligi huzurida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan oʻrganib chiqildi.

Qariyb bir oy davom etgan taʼmirlash ishlari natijasida bino tomiga yangi shifer yotqizilib, ichkarisida pardozlash ishlari olib borildi. Yangi eshik-romlar oʻrnatildi. Elektr energiyasi, suv, gaz tarmoqlari toʻliq qayta ulandi. Har bir xonadon alohida suv isitish tizimi bilan taʼminlandi. Hovlida oʻrindiqlar qoʻyilib, bolalar maydonchasi tashkil etildi.

– Koʻp yillardan buyon ikki farzandim bilan ijarada yashardim, – deydi yangi uyga koʻchib oʻtgan Elmira Absametova. – Bolalarimdan biri nogiron, shuning uchun ishga ham chiqa olmasdim. Buning oqibatida yetishmovchilik yuzaga kelardi. Uy olish haqida oʻylab ham koʻrmaganman. Davlatimizdan minnatdorman. Bizdek muhtojlarga bepul uy-joy qilib berdi. Toʻrisini aytsam, hech qanday toʻlovlarsiz yangi uyga ega boʻlganimga hozir ham ishona olmayapman. Bunday ezgu ishlar boshida turgan barcha insonlarga chin yurakdan rahmatlar aytaman.

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) OʻzA
1 677