Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.07.2018 18:20 Chop etish versiyasi

Nukus xalqaro aeroportida yangi terminal ishgatushirildi

Nukus xalqaro aeroportida yangi terminal ishgatushirildi Nukus xalqaro aeroportida soatiga 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yangi yo‘lovchi terminali ish boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori B.Hakimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Yerniyazov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida transport tizimini rivojlantirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mazkur terminal yo‘lovchilarga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan.

26.JPG

– Aeroportda qurilish ishlari 2017 yil 1 may kuni boshlangan va xalqaro parvozlar vaqtinchalik to‘xtatilgan edi, – deydi Nukus xalqaro aeroportining yo‘lovchilarni tashishni tashkil qilish xizmati boshlig‘i Q.Nuratinov. – Bugunqurilish ishlari nihoyasiga yetdi va xalqaro parvozlar qayta tiklandi. Hozircha haftasiga bir marta Moskva – Nukus – Moskva (Domodedovo) yo‘nalishida xalqaro parvozlar amalga oshirilmoqda. Oktyabr oyidan Rossiyaning “Uralskiye avialinii” aviakompaniyasi orqali ham qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi binoda aviatsiya xavfsizligini yuqori darajada ta’minlash uchun zamonaviy muhandislik va texnologik jihozlar o‘rnatilgan. Parvozoldi nazorat va yuk olish maydonlari kengaytirilib, ro‘yxatdan o‘tish ustunlari soni ko‘paytirildi. Terminalda mahalliy va xalqaro aviayo‘nalishlar uchun yo‘lovchilar zali, ona-bola xonalari, tibbiyot punkti, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, suvenir do‘konlari, namozxona, kafe-bar yo‘lovchilar xizmatida.

Terminal ishga tushirilishi bilan aeroportda turizm vakolatxonasining ma’lumotlar xonasi ham tashkil qilindi. Bu yerda xorijdan kelgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatiladi.

27.JPG

Yangi terminalning dizayni hudud iqlim sharoitiga, milliy xususiyatlarga mos ravishda ishlab chiqilgan, ya’ni texnologiya, xavfsizlik va qulaylik o‘rtasidagi muvozanatga erishilgan. Xalqaro terminalda yashil va qizil yo‘laklar mavjud. Bu esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshiradi, va, albatta, sayyohlar hamda xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga, yangi yo‘nalishlar ochilishiga xizmat qiladi.

Xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, turistik xizmatlarni yaxshilash maqsadida Nukus xalqaro aeroporti “ochiq osmon” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadigan aeroportlar safiga kiritilgan. Bugun Nukus xalqaro aeroporti har qanday rusumdagi samolyot va vertolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 3 ming metr, kengligi 45 metrdan iborat. Xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy yoritish-signal va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan.

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA
1 288