Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 16:22 Chop etish versiyasi

Nukus shahrida sodir bo‘lgan 122 yong‘inning 113 tasi fuqarolar turar-joylarida yuz bergan

Prezidentimizning joriy yil 23-maydagi «Ichki ishlar organlari Yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham haftaning har chorshanba kuni yong‘inlar profilaktikasi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Nukus shahar ichki ishlar bo‘limi Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi tomonidan Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri davomida yong‘in xavfsizligi vositalari ko‘rgazmasi va amaliy o‘t o‘chirish mashg‘ulotlari namoyish etildi.

Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi xodimlari tomonidan yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish qoidalari, odamlarni xavfsiz joyga ko‘chirish, jarohtlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish, yong‘inni imkon qadar kam talafot bilan bartaraf etish bo‘yicha tushunchalar berildi. Yong‘in sodir bo‘lishining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, xonadonlarda yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, uy-ro‘zg‘or elektr buyumlari, maishiy texnikalardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Nukus shahrida sodir bo‘lgan 122 yong‘inning 113 tasi fuqarolar turar-joylarida yuz bergan.

– Aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari izchil olib borilayotgan bo‘lsa-da, yong‘in sodir bo‘lish holatlari sezilarli darajada kamaymayotir, – deydi Nukus shahar ichki ishlar bo‘limi Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i o‘rinbosari Temur O‘rozboyev. – Shaharda sodir bo‘lgan yong‘inlarning sabab va oqibatlari tahlil etilganda, ko‘proq bolalarning qarovsiz qoldirilishi, texnik nosoz asbob-uskunalarga beparvolik, gaz, elektr uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish ekanligi ma’lum bo‘ldi. Profilaktika tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad yong‘inlarning oldini olish, aholining yong‘inni bartaraf etish, o‘zi va o‘zgalar hayoti va sog‘lig‘i, moddiy boyliklarni himoya qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmasini oshirish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga o‘rgatishdan iborat.

Mamlakatimizdagi yirik korxonalardan biri – Qo‘ng‘irot tumanining Aqshuloq posyolkasida qad rostlagan Ustyurt gaz-kimyo majmuasidagi 5-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi tomonidan ham profilaktika ishlari qat’iy reja asosida olib borilmoqda. Alohida muhofaza qilinadigan strategik inshootda yong‘in sodir bo‘lishining oldini olish bo‘yicha har bir ishchining bilim va sergakligi oshirilib, yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlariga rioya etish to‘g‘risida keng tushuncha berilmoqda.

Majmua yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi zamonaviy texnikalar, xususan, baland narvonli mashinalar, o‘t o‘chirish uskunalari, xavfsizlik jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan. Ulardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmali mashg‘ulot korxona ishchilarining yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishga xizmat qildi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
2 058






Все о погоде - Pogoda.uz