Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 15:49 Chop etish versiyasi

Nukus polimer zavodida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi saylandi

Prezidentimizning joriy yil 18-iyuldagi "O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida yosh avlodning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tuzilma yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirishga xizmat qilmoqda.

Yaqinda ish boshlagan Nukus polimer zavodi mehnat jamoasi yig‘ilishida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi etib ilg‘or ishchi Azamat Ortiqov saylandi.

Mamlakatimizdagi eng yirik sanoat korxonalari – “Ustyurt gaz-kimyo” va “Sho‘rtangaz” majmualarida ishlab chiqarilayotgan polietilen va polipropilen granulalarini qayta ishlab, gaz va kanalizatsiya tarmoqlari uchun zamonaviy plastmassa quvurlar tayyorlayotgan zavodda bugungi kunda 80 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati yoshlardir.

– Bu vazifa zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining korxonadagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi A.Ortiqov. – Jamoamizda mehnat qilayotgan yoshlar manfaatini himoya qilish, ularning muammolarini hal etish uchun bor kuch-g‘ayratim va bilimimni ayamaslikka so‘z berdim. Yiliga 8 ming tonna polietilen va polipropilen granulani qayta ishlash quvvatiga ega korxonamiz yoshlari mamlakatimiz xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan 12 xildagi quvurlar ishlab chiqarishda faollik ko‘rsatmoqda.

Birinchi yig‘ilishning o‘zidayoq yetakchiga yosh oilalarni imtiyozli kredit hisobiga turar joylar bilan ta’minlashga ko‘maklashish, korxonaga shahar transporti qatnovini tashkil etish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha murojaat qilishdi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
2 102






Все о погоде - Pogoda.uz