Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 18:36 Chop etish versiyasi

Nosoz simlar yong‘inga sabab bo‘ladi

Toshkent shahrida har yili nosoz elektr jihozlari va simlar inson sog‘ligiga jiddiy xavf soluvchi, iqtisodiyotga moddiy zarar yetkazuvchi yuzlab yong‘inlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bu omillar tufayli kelib chiquvchi yong‘inlar sonini kamaytirish maqsadida Toshkent shahar IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan 11 mahallada aholi bilan uchrashuv va seminarlar o‘tkazildi.

Kommunal xizmat xodimlari, tajribali energetik va elektriklar ishtirok etgan tadbirlarda elektr jihozlaridan foydalanish qoidalari muhokama qilindi. Xususan, foydalanilmayotgan elektr jihozlarini tarmoqdan uzib qo‘yish lozimligi ta’kidlandi. Ma’lum bo‘lishicha, hatto zararlanmagan yaroqli simlar ham qisqa tutashuv va yong‘inni keltirib chiqarishi mumkin ekan. Tarmoqqa haddan tashqari ko‘p maishiy jihozlar ulanishi natijasida bosimning me’yordan ortib ketishi yong‘in chiqishiga sabab bo‘ladi.

Prezidentimizning 2017-yil 23-maydagi "Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, har hafta yong‘in profilaktikasi kuni doirasida ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlar, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, madaniy-ko‘ngilochar maskanlarda, sanoat korxonalarida, mahalla fuqarolar yig‘inlarida uchrashuv va seminarlar, davra suhbatlari va yong‘in-taktik mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Elektr jihozlaridan foydalanish xavfsizligi qoidalariga bag‘ishlangan shunday seminarlardan biri Yunusobod tumani Bog‘ishamol mahallasida tashkil etildi.

Toshkent shahar IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi yong‘in profilaktikasi va nazorati bo‘limi inspektori M.Rahimovaning ta’kidlashicha, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazish nafaqat o‘t o‘chirish xizmati xodimlari, balki har bir insonning burchi hisoblanadi. Yong‘in xavfsizligi inspektorlari tomonidan amalga oshiriladigan binolarda elektr simlarini tekshirish yong‘in-texnik ko‘rigining standart choralari sirasiga kiradi. Shahrimizdagi barcha binolar yiliga bir necha marta shunday tekshiruvdan o‘tkazilib, aniqlangan qoidabuzarliklar rasmiylashtiriladi va tegishli choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi inspektorlari bozorlar va yirik obyektlarda olib boriladigan barcha qurilish ishlarida ishtirok etadi. Sim o‘tkazish, payvandlash va montaj ishlari sifatini nazorat qiladi.

Tadbir davomida kuz-qish mavsumida foydalaniladigan isitish jihozlari sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda mamlakatimiz hududiga olib kiriladigan isitish jihozlari sifati qat’iy nazoratga olingan. Mahalliy do‘kon rastalaridan joy olish uchun isitish jihozlari barcha zarur sertifikatlarga ega bo‘lishi va o‘rnatilgan talabga javob berishi, ishonchli va xavfsiz bo‘lishi lozim. Shunga qaramay, har yili yong‘in xavfsizligi inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan reydlar davomida yong‘inga sabab bo‘luvchi yoki zaharli moddalar chiqarishi mumkin bo‘lgan qo‘lbola va litsenziyasiz isitish jihozlaridan foydalanish hollari kuzatilmoqda.

Elektr jihozlari insonga naf keltirish uchun ishlab chiqariladi, biroq bizning ogohligimiz va ehtiyotkorligimizgina ulardan uzoq va xavfsiz foydalanishga zamin yaratadi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz