Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.08.2018 18:51 Chop etish versiyasi

Norma ijodkorligi – yangi bosqichda

Qonunlar va ular asosida qabul qilinadigan qonunosti hujjatlari qanchalik mukammal, aniq va lo‘nda bo‘lsa, ularni hayotga tatbiq etish samaradorligi shuncha ortadi. Norma ijodkorligining samarali tashkil etilishi shu maqsadga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 8 avgustdagi «Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni sohada yangi bosqich boshlanishiga zamin yaratdi.

O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor MЕLIYEV bilan farmon ijrosi bo‘yicha suhbatlashdi.

– Ayting-chi, norma ijodkorligida qanday muammolar mavjud edi?

– O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qabul qilinayotgan qonunlarning jamiyatda kechayotgan islohotlarga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirilgan qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish nazarda tutilgan. Zero, islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida bu muhim o‘rin tutadi.

Bu borada ayrim kamchiliklar mavjudligi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solishga, bu esa tizimda ayrim salbiy holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Ayniqsa, huquqni qo‘llash amaliyotida turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelgan.

Umumiy tusga ega bo‘lgan qonunlar ko‘pligi, shuningdek, ularni amalga oshirishning muayyan mexanizmisiz ayrim qarorlarning qabul qilinishi davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy munosabatlarni asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solishga olib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining sohaga oid farmoni bilan bu kabi kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

– Farmon bilan tasdiqlangan norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida nimalarga e’tibor qaratilgan?

– Farmon bilan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishda endilikda qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligi ta’minlanadi. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish sifati oshiriladi. Shuningdek, ularning ijro monitoringi takomillashtiriladi.

Norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi. Bu jarayonda normativ huquqiy hujjatlar loyihalariga elektron ko‘rinishdagi viza qo‘yish amalga oshiriladi. Uni ko‘rib chiqish va kelishish, shuningdek, ularni ishlab chiqish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Adliya va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari tomonidan yaratiladigan Yagona elektron tizim bunga imkon yaratadi. Bu tizim 2019 yil 1 yanvargacha ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushiriladi.

Norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlari qo‘llaniladi. Ya’ni, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va MCHJlar tomonidan mavjud norma ijrosi xarajatlari taklif etilayotgan loyiha normasida nazarda tutilayotgan xarajatlarga teng yoki ortiq bo‘lganda mavjud norma bekor qilinadi.

– Qonun hujjatlarining to‘g‘ri ta’sir qilishi amaliyotini qanday tushunish kerak?

– Endilikda qonunosti hujjatlari faqatgina davlat organlari tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni amaldagi qonunchilik va ma’muriy tartib-taomillar orqali yechishning iloji yo‘q bo‘lgandagina ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.

Bu kabi qonun hujjatlari ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydigan qo‘shimcha idoraviy hujjatlar qabul qilinishi majburiyatini yuklamasdan, qabul qilingan kundan boshlab amal qiladi. Ya’ni, ilgari ko‘pincha qonun hujjatlari qabul qilingandan so‘ng tegishli idoralarda uning ijrosini ta’minlash uchun qo‘shimcha ichki me’yorlar ishlab chiqilgan. Endi shu hujjatning o‘zida aniq topshiriqlar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi normalar, muddatlar va mas’ul ijrochilar majburiy ravishda nazarda tutiladi. Demak, bundan buyon ortiqcha qog‘ozbozlikka hojat qolmaydi.

Qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonun loyihasini kiritayotganda unga qonunning ijrosi yuzasidan qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish, tashkiliy-texnik chora hamda qonunning mazmun va mohiyatini keng targ‘ib qiluvchi chora-tadbirlar rejasini ilova qiladi.

Bunda chora-tadbirlar rejasi Oliy Majlis Senati tomonidan qonun ma’qullanganda birga tasdiqlanadi hamda parlament palatalari tomonidan ijrosi nazoratga olinadi.

– Davlat organlari uchun yana qanday yangiliklar joriy etilmoqda?

– Davlat organlari va tashkilotlarning “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlar to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami” va “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami”ga obuna bo‘lishi bekor qilindi.

Mazkur qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) nashr etiladi. Barcha mazkur bazadan foydalanadi. Bundan arxivlarda, axborot-resurs markazlarida saqlash uchun, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar talablariga ko‘ra tayyorlanadigan nusxalar mustasno, albatta.

Bir so‘z bilan aytganda, endilikda norma ijodkorligi jarayoniga fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik subyektlari va ilm-fan vakillarini jalb etish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish yo‘li bilan mazkur jarayonga jamoatchilik muhokamalarining ta’siri darajasi oshiriladi. Fan va amaliyot hamkorligining maqbul modelini shakllantirish yo‘li bilan o‘tkazilayotgan islohotlarning ilmiy asoslantirilganligi ta’minlanadi.

Norgul Abduraimova suhbatlashdi, O‘zA
1 932