O‘zA O`zbek

16.08.2018 20:38 Chop etish versiyasi

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi amalda

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi amalda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tuzilgan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov rahbarligida Komissiyaning kengaytirilgan tartibdagi birinchi tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Komissiya a’zolari, deputatlar, Prezident devoni, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, shuningdek, Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasida belgilangan tashkilot va idoralardan mas’ullar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida ishlab chiqilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini yetakchi huquqshunos olimlar, malakali mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini keng jalb etgan holda, eng ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olib tayyorlash lozimligiga e’tibor qaratildi.

Konsepsiyani amalga oshirishda qonunchilikning amaldagi holati, mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish natijasida qonunchilik bazasini tizimlashtirish, har xil idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar sonini qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish, asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar, eskirgan tartibga solish mexanizmlari mavjud bo‘lgan qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Farmonga muvofiq, bundan keyin qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini qo‘llash, ular kuchga kirgan paytdan e’tiboran ijrosini tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilishga doir majburiyatlar yuklatilmasligi ta’kidlandi. Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiyalarini keng joriy etish orqali qog‘ozbozlik, byurokratizm va buyruqbozlik kabilarga butkul chek qo‘yiladi.

Ishtirokchilar norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish maqsadida “aqlli tartibga solish” modeli elementlari qo‘llanilishi evaziga har bir normativ-huquqiy hujjatni aniq hisob-kitobga tayanib, ilmiy asoslangan holda ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashdi. Tarqoq holdagi ko‘plab idoraviy hujjatlar o‘rnida tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shuningdek, “Qonun hujjatlarining ta’sirchanligini baholash tizimi” portalini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga integratsiyalashning istiqbollari muhokama etildi.

Prezidentimiz ilgari surgan “Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan tamoyil asosida fuqarolarning norma ijodkorligi jarayonidagi bevosita ishtirokini ta’minlash mexanizmlarini, xususan, fuqarolarning jamoaviy tashabbuslarini elektron taqdim etishga mo‘ljallangan “Mening fikrim” veb-portali, regulation.gov.uz normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali kabilarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalasi Komissiya a’zolari tomonidan atroflicha tahlil qilindi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, qonunchilik tashabbusi subyektlari tomonidan mazkur farmon mazmun-mohiyati, uning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni jamoatchilikka yetkazish maqsadida turkum seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.

– Bugungi yig‘ilishda Oliy Majlis zimmasiga yuklatilgan alohida vazifalar bilan bir qatorda, parlamentning Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek, ularga ilova qilinayotgan axborot tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubini ishlab chiqish bo‘yicha ham amaliy fikrlar bildirildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rahimjon Hakimov. – Yana bir muhim masala shuki, qonunlarning samaradorligini oshirish maqsadida endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalariga ularning tashabbuskorlari tomonidan qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilish hamda amalga oshirish masalalarini o‘z ichiga olgan tadbirlar rejasi ham ilova qilinishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

– Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarning atigi 12,7 foizigina hujjatlar loyihalarini ishlab chiqayotganlar tomonidan ko‘rib chiqilgan, xolos, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Farrux Qoraboyev. – Yig‘ilishda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining takliflari inobatga olinishini shart etib belgilash masalasi ko‘tarildi. Shuningdek, ayni paytda normativ hujjatlarni baholashda faqatgina regulation.gov.uz portali imkoniyatlari bilan cheklanilyapti. Vaholanki, rivojlangan xorij mamlakatlarida bunday tizimning bir qancha usullaridan foydalaniladi. Shundan kelib chiqib, aynan baholash borasida alohida davlat idorasini mas’ul etib belgilash maqsadga muvofiqligi taklifi bildirildi. Ushbu yo‘nalishda ham endilikda samarali tizim yo‘lga qo‘yilishi kelishib olindi.

Qizg‘in munozaralar ruhida kechgan yig‘ilish yakunida Komissiya a’zolari oldida turgan muhim ishlar, mas’ul ijrochilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar belgilandi.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 585