O‘zA O`zbek

04.09.2018 15:37 Chop etish versiyasi

Norma ijodkorligi faoliyatida Germaniya tajribasi

Poytaxtimizda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Germaniya Bundestagi va Bundesrati devonlari va ilmiy-tadqiqot xizmati faoliyatining asosiy yoʻnalishlari” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.

Senatorlar, deputatlar, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, xalqaro ekspert va mutaxassislar, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etgan seminarda norma ijodkorligi sohasida Germaniya tajribasi oʻrganildi.

Maʼlumki, Prezidentimizning 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida qonunchilik bazasini tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qoʻllash kabi muhim yoʻnalishlar belgilab berilgan. Ushbu masalalarda yuksak taraqqiy etgan xorijiy davlatlarning qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotini chuqur oʻrganishga alohida ahamiyat qaratilgan.

Mazkur xalqaro seminar Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini hayotga tatbiq etishda Germaniya tajribasini oʻrganish, uning samarali yutuqlaridan foydalanish boʻyicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida oʻtkazildi. Germaniya parlamenti – Bundestag oʻziga xos qonunchilik maktabiga ega boʻlgan, “aqlli tartibga solish” modeli hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlar tayyorlash va, eng muhimi, ularni samarali tatbiq etish borasida katta tajribaga ega dunyoning yetakchi parlamentlaridan biri hisoblanadi. Bundestagda qonun loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha yuridik texnika sohasida ham katta tajriba toʻplangan.

Seminarda norma ijodkorligi boʻyicha Germaniya amaliyoti, qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirishda Bundestag Ilmiy xizmatining oʻrni va roli, parlament uchun axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash uslublari, parlament devonining asosiy vazifalari kabi mavzularda ishtirokchilarga maʼlumot berildi. Bundan tashqari, qonunlarni ishlab chiqish jarayonida zamonaviy va innovatsion usullardan foydalanish boʻyicha xorijiy tajriba va boshqa koʻplab dolzarb masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

– Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami dunyo hamjamiyatida, jumladan, Germaniyada ham katta qiziqish uygʻotmoqda, – deydi Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi Ilmiy xizmati rahbari Gvido Xaynen. – Ayniqsa, Norma ijodkorligi toʻgʻrisidagi konsepsiyaning qabul qilinishi islohotlar samarasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonchim komil. Chunki, islohotlarni tartibga solishda norma ijodkorligi mahsuli boʻlmish huquqiy hujjatlar tamal toshi vazifasini oʻtaydi. Germaniya tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, sifatli va xalqchil qonunlar mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Seminarda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
2 894