Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 12:07 Chop etish versiyasi

Noqonuniy qurol saqlash – jinoyat

Farg‘ona viloyati huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar davomida turli jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq, tegishli ruxsatnomasiz o‘q otar qurol, shuningdek, o‘q-dori, portlovchi modda yoki portlatish qurilmasi tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o‘tish yoki jo‘natish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday buyumlarni o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinadi. Aholi bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda bu keng tushuntirilayotgani kutilgan natija bermoqda. Xususan, fuqarolarning turli qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirishiga erishilmoqda.

Beshariq tumanida yashovchi Elbek Musayev kutilmagan holatga duch keldi. U o‘zi istiqomat qiladigan uyni ta’mirlayotib, devor orasidan noma’lum ov qurolini topib oldi. Hech qanday hujjati bo‘lmagan qurolni u o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar bo‘limiga topshirdi.

Furqat tumanidan O‘tkir Siddiqov ham o‘q otar qurol topib olgani haqida ichki ishlar bo‘limiga murojaat qildi. U ham eski molxonani buzayotgan paytda devor orasidan marhum otasidan qolgan 1 dona o‘q otar qurol topib olgan. Noqonuniy qurol saqlash jinoyat ekanini yaxshi bilgan fuqaro bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ma’lum qildi va qurolni topshirdi.

Albatta, E.Musayev va O‘.Siddiqovning o‘z vaqtida huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgani e’tiborga sazovor.

Noqonuniy qurol saqlash – jinoyat. Buni kimdir bilmaydi yoki bilsa ham beparvo bo‘ladi. Bunday loqaydlik oxir-oqibat fuqarolar tinchligiga, xotirjamligiga putur yetkazishi, turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Binobarin, har bir fuqaro mavjud tartib-taomillarni yaxshi bilmog‘i darkor. Zero, qonunni bilmaslik javobgarlikdan soqit qilmaydi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 646






Все о погоде - Pogoda.uz