O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Noqonuniy ish magistral gaz quvurida yong‘inga sabab bo‘ldi

Noqonuniy ish magistral gaz quvurida yong‘inga sabab bo‘ldi

Magistral gaz quvurlari muhofaza hududi va xavfsizlik talablariga amal qilmaslik natijasida turli noxush holatlar kelib chiqishi kuzatilmoqda.

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 3 dekabr kuni soat 15:15 da Farg‘ona magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli Beshariq tumani Baxmal qishlog‘i hududidan o‘tgan “Beshariq” GTSga boruvchi diametri 219 millimetrli quvur tarmog‘ining 4-5 km oralig‘ida noqonuniy holda, tegishli ruxsatnomalarsiz ekskavator yordamida yer ishlarini (tosh olish) olib borilishi natijasida magistral gaz quvur tarmog‘iga shikast yetkazilgan. Quvurni teshilishi yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda ekskavator haydovchisi 1960 yilda tug‘ilgan D.M. kuyish tan jarohati olib, tezkorlik bilan Beshariq shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

Avariya holatini tezkor ravishda bartaraf etish uchun magistral gaz quvuriga gaz berish to‘xtatilib, yong‘in tezda o‘chirilgan.

Amalga oshirilgan choralar tufayli halokat natijasida shikastlangan gaz quvuri kechki soat 20:50da qayta tiklandi. Aholiga tabiiy gaz yetkazib berish 4 dekabrda yo‘lga qo‘yiladi.

Hurmatli vatandoshlar!

Energiya ta’minoti tizimining barcha turlari, ayniqsa yuqori bosimli gaz quvurlarining muhofaza hududi ( magistral gaz quvurlarining har ikki tomondan 150-200 metrgacha bo‘lgan masofaga daxl qilmaslik) va xavfsizlik talablariga amal qilishga hamda shu kabi holatlarning oldini olishga chaqiramiz!

590
O‘zA