O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 12:07 Chop etish versiyasi

Noqonuniy ish fosh qilindi

Noqonuniy ish fosh qilindi

Maʼlumki, 2018-yilning 1-iyulidan boshlab, belgilangan meʼyorlar doirasida jismoniy shaxslar qoʻshni davlatlardan maishiy texnika buyumlarini, jumladan, televizorlarni bojxona toʻlovlarini toʻlamay, 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib oʻtayotganda faqat 1 donadan olib oʻtishga ruxsat etilgan.

Ammo, ayrim shaxslarni ushbu meʼyorlar qoniqtirmayotgan koʻrinadi. Yaqinda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonun buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan Sariosiyo tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida qoʻshni davlatdan bojsiz, olib kirish meʼyorlarini suiisteʼmol qilgan holda maishiy texnika buyumlarini olib kirishga uringan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida maʼlum qilindi.

Jumladan, O.B. “Sariosiyo” chegara-bojxona postidan oʻtib qaytayotgan shaxslarni maʼlum bir haq evaziga yollab, shaxsiy foydalanish niqobi ostida 10 dona televizorlarni oʻtkazib berishlariga koʻndiradi. Shu zaylda qiymati 27,5 million soʻmlik televizorlarni tijorat maqsadida olib oʻtayotgan paytida bojxonachilar tomonidan toʻxtatib qolindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

M.Toshqorayeva, OʻzA