O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Nonning narxi qimmatmi yoki bozor talab va taklifidagi nisbatmi?

Nonning narxi qimmatmi yoki bozor talab va taklifidagi nisbatmi?

Munosabat 

Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish va rivojlantirish vazifalari bosqichma-bosqich bozor mexanizmini keng joriy etishga qaratilgan. Biz to‘laqonli bozor munosabatlariga o‘tish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmas ekanmiz, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush farovonligini yuksaltirishda keskin burilish yasay olmaymiz.

Jumladan, vaqtinchalik ma’muriy choralar natijasi o‘laroq narxlarni sun’iy ushlab turish istiqbolda iqtisodiyot va ijtimoiy vaziyat keskinlashuviga olib kelishi mumkin.

Bugungi kunda ichki bozorda bug‘doy, un va non narxining erkinlashtirilishi ushbu mahsulotlar narxining qisman oshishiga olib kelgan. Tabiiyki, bu ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur jarayonda narxlarning oshishi, sohani liberallashtirish jarayonida kuzatiladigan vaqtinchalik holat bo‘lib, keyinchalik talab va takliflar shakllanishi natijasida barqarorlashadi.

Ko‘p yillar davomida bug‘doy, un va non narxining davlat tomonidan tartibga solinishi, ya’ni narxlarning sun’iy ravishda ushlab turilishi, oxir-oqibat don mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklar va don korxonalarining iqtisodiy jihatdan nochor holatga kelib qolganligi ayni haqiqat. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa respublikamizda ish bilan band aholining 26,6 foizi qishloq xo‘jaligida faoliyat olib borishini inobatga oladigan bo‘lsak, fermer xo‘jaliklari moddiy manfaatdorligining pastligi tarmoqda faoliyat yuritayotgan aholining iqtisodiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz.

Prezidentimizning “Fermer boy bo‘lsa – davlat ham boy bo‘ladi”, degan so‘zlari bejiz aytilgan emas. Ta’kidlash joizki, hozirda amaliyotda foydalanilayotgan qolipli non ishlab chiqish standarti qariyb 30 yil avval, ya’ni 1988 yilda ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, yillar davomida mazkur talablar ko‘rib chiqilmagan. Shu bois, ko‘pincha aholi o‘rtasida qolipli non deganda 0,6 kilogrammlik non tushunchasi shakllanib qolgan. Bundan tashqari, aksariyat korxonalar uskunalarining energoresurslar sarfi yuqori bo‘lishi ham non mahsulotlarining tannarxiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Biz nonni e’zozlash, uni uvol qilmaslik haqida ko‘p va xo‘p gapiramiz. Lekin kundalik hayotimizda bunga har doim ham amal qilavermaymiz.

O‘zbekistonda oila a’zolari soniga qarab kichik (1-2 kishilik), o‘rtacha (3-5 kishilik) va katta oilalarga (6-7 va undan ortiq) bo‘linadi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, 4-5 kishilik oilalar iste’moli uchun kunlik xarid qilingan nonning 100 grammdan 250 grammgacha isrof bo‘lishi, oxir-oqibatda iste’molga yaramay qolgan nonni axlatga tashlash holatlari ham mavjud. Buning asosiy sabablaridan biri, qolip standartlarining asosan bir xilligi, ya’ni Toshkent shahrida 0,6 kilogramm, viloyatlarda 0,5 kilogramm qolipli non (GOST 27842-88 bo‘yicha) iste’molchilari uchun moslashtirilgan (oilalar soniga qarab) standartlar asosida non mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishning yo‘lga qo‘yilmaganidir.

Ushbu holatlarni inobatga olib, isrofgarlikning oldini olish hamda aholi talabidan kelib chiqqan holda, Toshkent shahrida og‘irligi 0,3 kilogramm tashkil etuvchi qolipli non ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilib, joriy yilning oktyabr oyida “O‘zstandart” agentligi tomonidan “O`z DSt 3415:2019” – texnik shartlar ishlab chiqildi va 2019 yil 1 noyabrdan joriy etila boshladi.

Shu o‘rinda, yana bir e’tiborli jihat, ya’ni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasidir. Bu borada, Hukumatning yaqinda qabul qilgan don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish to‘g‘risidagi qarorida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli himoya qilish maqsadida 2019 yil 1 oktyabrdan kompensatsiya miqdori 22,3 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha oshirildi. Kompensatsiya oluvchilarning soni 1 million 674 ming nafardan 1 million 985 ming nafargacha (eng kam yoshga doir pensiya oluvchi 65 ming nafar va 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan 246 ming oilaga nafaqa oluvchilar) ko‘paytirildi.

Xulosa qilib aytganda, non va non mahsulotlari narxining erkinlashtirilishi, bir tomondan aholi daromadlarini oshirish jarayonlarini davom ettirish, ularning xarid qobiliyatini mustahkamlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini davlat byudjeti hisobidan ijtimoiy himoyalashni tizimli tashkil etishdir. Shuningdek, mazkur tizimga nisbatan bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish orqali iqtisodiy rentabellik darajasini haqiqiy holatga keltirish, bu boradagi islohotlar samarasini ta’minlashdir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, non narxining erkinlashtirilishi hisobiga qisman ko‘tarilishi, bundagi shov-shuvlar vaqtinchalik holat bo‘lib, qisqa vaqtda iqtisodiy faollik va daromadlar darajasining o‘sishi evaziga jamiyatda normal holat qaror topadi.

Rustam HASANOV,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot
va sanoat vazirligi huzuridagi
o‘quv markazi direktori.

375
O‘zA