O‘zA O`zbek

07.08.2018 19:57 Chop etish versiyasi

Nomiga monand Bo‘ston

Nomiga monand Bo‘ston Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani markazi – Bo‘ston shahri nomiga monand maskan. Ayni paytda tuman markazi “Obod qishloq” dasturi asosida yanada chiroy ochib, aholi farovonligini yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– “Obod qishloq” dasturiga tumanimizdan Aqchako‘l va Chayka massivlari kiritilgan, – deydi Ellikqal’a tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Niyetboy Serjanov. – Hozirgacha “Aqchako‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 552 ta uy-joyning 400 dan ortig‘i ta’mirdan chiqarildi. Kam ta’minlangan 13 oila xonadoni ta’mirlab berildi. Yo‘llar ta’miri, ichimlik suvi tarmoqlari tortish, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash ishlari yakuniga yetmoqda. Gaz tarmog‘i to‘liq ta’mirlanib, 300 xo‘jalikka suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Umuman olganda, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 80 foiz ishlar bajarib bo‘lindi. Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramiga qadar barcha ishlar to‘liq nihoyasiga yetkaziladi.

Tuman markazida ko‘p yillardan buyon e’tibordan chetda qolgan madaniyat bo‘limi binosi zamonaviy ko‘rinishda qayta ta’mirlandi.

Ellikqal’a azaldan tamaddunlar to‘qnashgan maskan. Bu yerda necha asrlardan buyon hayot qaynab kelgan. Jilov ko‘rmagan Jayhun bir paytlar to‘lib-toshib, o‘zanini Kaspiyga burib ketgan. Shu tariqa bu zamindagi qadimiy tamaddun beshigi o‘z o‘rnini sahro saltanatiga bo‘shatib bergan. Qadimiy Jayhunning Orolga quyilib turgan irmog‘i Aqchadaryoning (uning suvi saqlanib qolgan eng chuqur joyi hozir “Aqchako‘l” deyiladi) ikki sohili bo‘ylab joylashgan qal’alar xarobalari hanuz mahobatli savlati bilan buyuk moziydan sado bermoqda. Qadimda bu diyor ne-ne donishmandu jahongirlarni dunyoga keltirmagan, deysiz. Qadimiy Xorazm nomi bilan tarixdan mustahkam joy olgan buyuk davlat saltanati aynan shu hududda gullab-yashnagan.

9.jpg

Oqqan daryo oqmay qolmas, deganlaridek, ming yillar davomida quloch yozib yotgan cho‘listonlar zahmatkash inson qo‘li bilan gulistonga aylanganiga ko‘zlaring ishonmaydi.

Ellikqal’ada zamon bilan hamnafas insonlarni har qadamda uchratish mumkin. Shunday insonlardan biri tuman tibbiyot birlashmasining shifokor jarrohi San’at Jumaboyevdir. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni chin yurakdan his etib, sidqidildan mehnat qilayotgan fuqarolardan biri. Shifokorlikdan tashqari baliqchilik, parrandachilik bilan ham shug‘ullanadi. Issiqxonasi ham bor.

– Bu ishlar farzandlar uchun ibrat, amaliy tarbiyadir, – deydi S.Jumaboyev. – Qolaversa, oilaga qo‘shimcha daromad keltiradi. Agar bola mablag‘ qanday kelayotganini ko‘rmasa, turmushga yengil-yelpi qarab, kelgusida hayot sinovlariga dosh berolmasligi mumkin.

15.jpg

Ellikqal’alik yana bir tadbirkor – Jumaboy Jabborov O‘zbekistonda ilk bor laykrali jinsi matosi ishlab chiqaradigan “Boston mega tekstil” korxonasini ishga tushirib, 200 ish o‘rni yaratish niyatida. Shu korxona bilan birga ish boshlash arafasida turgan “Boston optimsl tekstil” korxonasida ip-kalava va yumshoq sochiqlar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Korxona ishga tushishi bilan yana 200 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ota kasbi chorvachilik bo‘lgan Isoqjon Husayinov esa quyonchilikni serdaromad soha bilib, tez ko‘payadigan va salmoq bosadigan naslli xikol quyonlarini yetishtirmoqda. Uning asl maqsadi kelgusida ushbu quyonlar bosh sonini ko‘paytirib, xorijiy davlatlarga eksport qilishdir. Ushbu loyiha amalda yaxshi daromad beradi. Buning uchun unda aniq biznes-rejalar bor.

Ellikqal’a tumanida el-yurtni obod va farovon qilish niyatida sidqidildan mehnat qilayotgan fidoyi insonlar ko‘p. Taraqqiyot aynan shunday insonlarning mehnati bilan yuksaladi.

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA
2 214