Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.04.2018 14:40 Chop etish versiyasi

“Nogiron” tushunchasi muomaladan chiqariladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda taxminan bir milliard nogiron bor. Ularning aksariyati kundalik turmushda turli qiyinchiliklarga duch keladi. Mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok eta olmaydi...

Mamlakatimizda esa nogironlarning o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi uchun shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilgan. 1991-yilda MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani bunga bir misol. Ushbu qonun 2008-yilda yangi tahrirda qabul qilindi. Bugungi kunga kelib, afsuski, qonun ma’nan eskirdi va BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan nogironlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi xalqaro talablar va standartlarga javob bermay qoldi.

Shundan kelib chiqib, Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilangan.

Ya’ni, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati hamda darajasini oshirishga keng qamrovda yondashish asosiy mezon qilib belgilangan. Shuningdek, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni reabilitatsiya qilish samaradorligini yaxshilash,ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda ishga joylashishini ta’minlashga e’tiborni yanada kuchaytirish vazifalari qo‘yilgan.

Eng muhimi, bugun odamlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabatni o‘zgartirish, ular ham sizu biz kabi jamiyatningteng huquqli a’zosi ekanini chuqur tushuntirish zarurati bor. Shu ma’noda, endilikda “nogiron” tushunchasi muomaladan chiqarilib, uning o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasi kiritilayotgani quvonarli holdir.

O‘zbekiston XDP markaziy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ana shular haqida so‘z bordi.

Ta’kidlandiki, yangi qabul qilinayotgan qonun nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Unda ko‘zda tutilgan maqsad hamda vazifalarni amalga oshirish, ehtiyojmand qatlam vakillariga beg‘araz yordam ko‘rsatish jarayonida davlat va nodavlat tuzilmalar mas’uliyati, faolligi yanada ortadi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va Nogironlar, Ko‘zi ojizlar va Karlar jamiyatlari tomonidan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 489